"6 oyda temirchilikni to‘liq o‘rganib, daromad ola boshladim"
“Bundan to‘rt yil avval otam olamdan o‘tdi. Onam ishsiz edi. Men esa yosh. Oilada to‘rt qizdan keyin yolg‘iz o‘g‘il, kenja farzand o‘zimman. Shuning uchun ham ro‘zg‘or tebratishni zimmamga oldim. U yer-bu yerda ishlab to‘rt so‘m pul topsam xursand bo‘lardim. Ko‘pgina qiyinchiliklarni boshimdan o‘tkazdim”.
Paxtachi tumani Farovon Yo‘ldoshobod mahallasida yashovchi Otajon Allamurodov boshidan kechirganlarini gapirib berdi.
- Kunlarning birida hunarmand mahalladoshimiz Siddiq aka meni shogirdlikka taklif qildi, - deydi u. - Bu taklifni jon deb qabul qildim. Temirdan darvoza, eshik, so‘ri va boshqa jihozlar tayyorlashda ustozga yordamchi bo‘ldim. Boshida qo‘limdan hech narsa kelmasdi. O‘rganib ketishga ko‘zim yetmagandi, ammo 6 oy davomida bu hunarni ipidan-ignasigacha o‘rgandim. Ustozning aytishicha, hozir yaxshi usta bo‘lib yetishibman. Kelgan paytimda bir oylik ish haqim 3 million so‘m atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda oyiga 10 million so‘mgacha daromad topyapman.
Otajonning ustozi Siddiq Irisqulov asosan mahalladagi ehtiyojmand oilalar farzandlari, ishsizlik muammosidan qiynalayotgan yoshlarni shogirdlikka taklif qiladi. Sababi o‘zini ham bir paytlar aynan shu masala qiynagan.
- Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi kollejni tamomlaganman, - deydi hunarmand Siddiq Irisqulov. - Mutaxassisligim bo‘yicha ish topolmay xorijga ketdim. Qaytib kelib, darvoza yasaydigan ustaga shogird tushib, shu hunar sirlarini o‘rgandim. O‘tgan yili mahallamizdagi hokim yordamchisi maslahati bilan 100 million so‘mlik imtiyozli kredit olib, alohida ustaxona tashkil qildim. Bir qancha shogirdlar tayyorladim, ularning aksariyati kam ta’minlangan oila farzandlari edi. Bugungi kunda ular bu hunarni o‘rganib, alohida ustaxona tashkil qilgan. Ayni paytda Otajon bilan birga ishlayapmiz. Qiziquvchi yoshlar bo‘lsa, ularni shogirdlikka olishga, bilganlarimizni beminnat o‘rgatishga tayyormiz.
Otajon Allamurodov ham ustozi kabi alohida ustaxona ochib, shogirdlar tayyorlashni rejalashtirgan. Shuningdek, zamonaviy uskunalar sotib olib, metallga ishlov berishning murakkab jarayonlarini ham amalga oshirishni, yaqin atrofda faoliyat olib borayotgan hunarmandlarga yarim tayyor mahsulotlar yetkazib berishni maqsad qilgan.
To‘lqin SIDDIQOV,
E’zoza MEYLIYeVA,
Baxtiyor MUSTANOV (video).