Temirchi ustaning “Jasorat”i

Prezidentimizning farmoniga ko‘ra, mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Ishtixon tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, temirchi usta Sayitnazar Hayitov “Jasorat” medali taqdirlandi.

Ishtixon tumanida texnikasi bor odam borki, barchasi orlotlik usta Sayitnazar akani yaxshi taniydi. Temirni sehrlovchi, qo‘li bilan xamirdek qayirib, istagan holatiga keltiradigan usta deb biladi. U qariyb 30 yildan buyon temirchilik bilan shug‘ullanib, 2 mingdan ziyod ish qurollari, qishloq xo‘jalik yerlariga ishlov beruvchi uskunalar va ularga ehtiyot qismlar yasaydi.

2-guruh nogironi Sayitnazar Hayitov 63 yoshda bo‘lishiga qaramay hozir ham og‘ir va murakkab ish bilan shug‘ullanib keladi. Ikki o‘g‘li yoniga kirib, uning ishini davom ettirmoqda. Hatto turmushga chiqib ketgan qizlari ham texnikalarni sozlashga qiziqadi. Ustaxonaga kirib qolsa bas, qo‘liga bolg‘ani olib nimalarnidir yasashga urinadi.    

-  Temirchilikka bolaligimdan ishqim tushgan, - deydi Cayitnazar Hayitov. – Tog‘alarim texnika mingani tufayli menda ham shu sohaga qiziqish baland edi. Traktor va avtomashinalarning barcha turlarini hayday olaman. Ayniqsa, ularni ta’mirlash yoki temirdan biror bir ehtiyot qismlar yasashga intilardim. O‘ta murakkab bo‘lgan qismlarni ham temirni qizdirib bosqonda urib yasashdan zavq olaman.

S.Hayitov Rossiyaning Sibir o‘lkalarida harbiy xizmatni o‘tash davrida oyog‘idan qattiq jarohat olgan. Harbiy gospitalda shifokorlar uning chap oyog‘ini gangrena bo‘lmasin deb kesib tashlashlariga to‘g‘ri kelgan. Operatsiyadan keyin dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lib ketdi. “Endi bir oyoq bilan qanday yashayman, nima ish qilaman? Hatto traktorga ham mina olmaymanku” deb ezildi. Uyiga yasama oyoq – protez bilan kelgach, ota-onasi, aka -ukalari va yaqinlari unga dalda bo‘lishdi. Asta-sekin protezga ham o‘rganib, dalada mehnat qila boshladi. Matonat bilan ishlab, oila tebratdi, ro‘zg‘orga yaqindan yordam berdi.

Keyinchalik Navoiy pedagogika institutini bitirib, qishloq maktabida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars berayotgan Rahima ismli qizga ko‘ngil qo‘ydi. Sovchi yuborib, unga uylandi. Qariyb yarim asrdirki baxtli oila bo‘lib, birgalikda umrgo‘zaronlik qilib kelmoqda. 

- Qirq yildirki, bir yostiqqa bosh qo‘yganmiz, - deydi Rahima opa. – 30 yil maktabda dars berdim. Ikki o‘g‘il va ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazdik, uyli-joyli qildik. Hayotning barcha qiyinchiliklarini birga yengib o‘tdik. Ba’zida hatto nogironligimiz ham esdan chiqib ketadi. To‘rt muchasi sog‘dek tinimsiz mehnat qilib keldik. Yaratganga shukr o‘ndan ziyod nabiralarimiz bor.

S. Hayitov tomorqasida 550 tup tok, 500 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxtlar bor. 5-6 ta chorva molidan tashqari qo‘y boqadi.

Sayitnazar aka qo‘shnisi va shogirdi Pardaboy Boltayev bilan ertalabdan kechgacha, ustaxonadan chiqishmaydi. Chunki ularning qo‘l mehnati mahsulini bilganlar, nafaqat Orlot mahallasi, balki tumanning boshqa qishloqlaridan, qo‘shni Payariq hamda Qo‘shrabot tumanlaridan ham izlab kelishadi. Navoiy viloyatidan ham kelib, traktorning nozik ehtiyot qismlarini yasatib ketishadi.

-   Hozir ayni dehqonchilik pallasi emasmi, kuniga 7-8 ta buyurtma keladi, - deydi Pardaboy aka. – Ustaning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Peshma-pesh ketmon, bolta, panshaxa, belkurak kabi mehnat qurollarini yasab beraveramiz. Bir ishga unnadimi bas, tugatmagunicha tinchimaydi. Biz shogirdlar ham yaqindan yordam berib turamiz. Rahima yangam tushlikni ustaxonaga olib kelgandagina ovqatlanishi mumkin. 

Sayitnazar aka temirchilikdan tashqari ovchilikka qiziqadi. Xobbisi tufayli ovchilar jamiyatiga a’zo bo‘lgan.

-   Ov mavsumida ruxsat berilgan hududlarga borib yovvoyi parranda va darrandalarni ovlab kelaman-, deydi Sayitnazar aka. - Ayniqsa, yonimga kerakli asboblar va nonushtani olib tog‘larga chiqib, yovvoyi kaptar, bedana, kaklik, shuningdek, bo‘rsiq, tulki kabi hayvonlarni ham ovlashimga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, taqiqlanmagan muddatlarda To‘sinsoy suv omboriga borib qarmoq bilan baliq, o‘rdak ushlab kelaman.

Ovchilik ham murakkab jarayon. Ba’zi ovchilar kuni bilan yurib biror narsa ushlolmasligi mumkin. Lekin Sayitnazar aka yovvoyi qushlarni chaqirish uchun maxsus yasama qushni ixtiro qilgan.

-   Menga davlat mukofoti berilganini eshitib, juda hayratlandim, - deydi Sayitnazar aka. – Men bir chekka qishloqda yashab, elimizga beminnat xizmat qilib kelayotganimni bilib shunday mukofotga ravo ko‘rishganidan minnatdorman. Bundan keyin ham bor kuch-g‘ayratim bilan xalqqa xizmat qilaman.

Sayitnazar Hayitov bilan suhbatlashar ekanmiz, undagi shijoatni ko‘rib hayron qoldik. Tinib-tinchimas usta biz bilan gaplashib turib ham temirni qizdirish bilan mashg‘ul. Gap orasida o‘zi yasagan ixtirolar haqida ham so‘zlab berdi.

-  Yasagan har bir buyuming kimgadir, qanaqadir naf keltirishi shart, - deydi u shogirdlariga. – Bo‘lmasa undan foyda yo‘q. Nimagadir qo‘l urdingmi albatta, mehr bilan ishlov berishing kerak. Ana shundagina usta degan noming chiqadi hamda elda hurmat qozonasan.

Dilmurod TO‘XTAYeV.

Baxtiyor MUSTANOV.