Hunarmandlar ustaxonasida turib internet orqali mahsulotlarini chet elga sotmoqda
Bu haqda viloyat Matbuot uyida «Hunarmandlar mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklamasini tashkil etish» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.
Unda "Hunarmand" uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov mavzu bo‘yicha hamda sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
- Bugungi kunda uyushmaga a’zo bo‘lgan hunarmandlar 2879 nafarni tashkil etadi, - deydi U.Hakimov. - Usta shogirdlari 4862 nafarga yetdi. O‘tgan yili hunarmandchilik ortidan 5501 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosiga ko‘ra, hunarmandchilik mahsulotlarini elektron savdo orqali sotishni yo‘lga qo‘yish borasida respublika bo‘yicha yagona tizimga biriktirilgan “Hunarmand” uyushmasining www.uzcrafts.com veb-sayti yaratildi. Ichki va tashqi bozorga mahsulotlar reklamasini namoyish etish maqsadida www.ihunar.uz savdo maydonchasi tashkil etildi. Hozirda hunarmandlar ushbu sayt va platforma orqali yasagan mahsulotlari assortimenti, suratlari va narxlarini joylashtirib bormoqda.
Bunday imkoniyatdan Urgut tumanida faoliyat yuritayotgan kashtado‘z G‘ulom Isoyev, Samarqand shahrida yashovchi yog‘och o‘ymakori Mansur Asadov, Samarqand tumanida faoliyat yuritayotgan zargar Hasan Qurbonov kabi hunarmandlar samarali foydalanib, o‘zlari yasagan hunarmandchilik mahsulotlari reklamasini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarmoqda va savdosini tashkil etmoqda.
U.Hakimovga ko‘ra, Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida 2022 yildan boshlab «Usta-shogird» an’analari asosida ustalarga internet saytlarini tashkil etish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiyalar ajratish belgilangan. Hozirda viloyatda bu borada hunarmandlarning murojaatlari olinib, zarur hujjatlar tayyorlanmoqda.