Samarqand shahridagi “Hunarmandlar markazi»ga press-tur uyushtirildi
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan hunarmandchilikka alohida e’tibor qaratilyapti. Ayniqsa, samarqandlik xalq amaliy san’ati ustalari uchun o‘nlab zarur sharoitlar yaratildi. Jumladan, 2010 yilda Samarqand shahrida tashkil etilgan “Hunarmandlar markazi” usta-hunarmandlar uchun eng yaxshi maskanlardan biri bo‘ldi.
Bugun ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ushbu markazda press-tur o‘tkazildi. Press-tur davomida jurnalist va blogerlar “Hunarmandlar markazi”dagi teridan mahsulot tayyorlash, chitgarlik, kashtado‘zlik, misgarlik, dekorativ kulolchilik, sandiqsozlik va Samarqand qadimiy qog‘ozi tayyorlash jarayonlari hamda bu hunarlar turi bilan shug‘ullanayotgan hunarmandlar faoliyati bilan tanishdi.
- Ayni kunda bu yerda 17 nafar hunarmand va ularning 40 nafardan ortiq shogirdlari 17 turdagi hunarni shu yerning o‘zida tayyorlab, xorijlik sayyohlar va mahalliy aholiga namoyish etmoqda, - deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov. – Shuningdek, ular shu yerning o‘zida sayyohlar, yoshlar uchun mahorat darslari o‘tkazmoqda.
Ta’kidlanishicha, 2021 yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasiga 2779 nafar hunarmand a’zo bo‘lgan. Ularning shogirdlari esa 4700 nafarga oshgan. 2021 yilning 10 oyi davomida uyushmaga 1042 nafar yangi a’zolar jalb etilib, 1920 nafar yosh shogirdlikka qabul qilingan.
Uyushmada 181 nafar hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan turli millat vakillari bo‘lib, “Usta-shogird” an’anasi asosida ularga 215 nafardan ortiq ishsiz va band bo‘lmagan aholi hamda hunarmandchilikka qiziquvchi fuqarolar biriktirilgan. Chitgar Yelena Ladik ana shunday hunarmandlardan biri. Millati belarus bo‘lgan ukrainalik bu hunarmand mazkur markazda 15 yildan buyon faoliyat yuritib kelyapti.
- 1979 yilda Ukrainadan Farg‘onaga ko‘chib kelganmiz, 15 yildan buyon esa Samarqanddaman, - deydi Ye.Ladik. – Chitgarlikka qirq yoshimda qiziqib qoldim, hozirgacha ellikdan ziyod shogirdlar tayyorladim. Ayni kunda bu yerdagi ustaxonamizda 5 nafar chitgar-dizayner tabiiy matolardan, qo‘l mehnati asosida liboslar yaratyapti. Har bir kompoziyasi ustida oylab ishlashga to‘g‘ri keladi. Ularning bosh kiyimidan tortib, poyabzallarigacha yaratilgan liboslarga uyg‘un bo‘lishiga ahamiyat beramiz. Biz ko‘rgazmalarimizni Riga, Olma-ota, Moskva kabi ko‘plab shaharlarda namoyish etganmiz.