Go‘dakligida oyoqlari sandalda kuygan hunarmand. Bugun u nega kuyinyapti?
Urgut tumani O‘ramas mahallasida yashovchi hunarmand ayol Risolat G‘aniyeva 7 oylik go‘dakligida sandalga tushib ketgan. Uning ikkala oyog‘i cho‘g‘da kuyib, mushtdek bo‘lib qolgan.
- Avvallari yurishga qiynalmasdim, - deydi ikkinchi guruh nogironi Risolat G‘aniyeva. - Endi yoshim o‘tgan sari qiyinchilik tug‘ilyapti. Maktabda tengdoshlarimdan qolishmasdim. Kechagiday esimda, 9-sinfda o‘qirdim. Mehnat darsida turli xil matolardan stul uchun ko‘rpacha, doska uchun maxsus tozalagich tikib borganman. Ustozimiz mening ishlarimni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatgan. O‘sha paytlarda qo‘shni qishloqda yashovchi tikuvchi ayolga shogirdlikka tushganman. Avval ko‘ylaklar, keyinchalik yaktak va to‘nlar tikib, bozorga chiqarib sotadigan bo‘ldim. O‘quvchilik davrimdayoq o‘zim pul topib, tikuv mashinasi sotib olganman. Maktabni bitirganimda ancha qo‘lim kelishib qolgan, hatto bir necha nafar shogird tayyorlashga ham ulgurgandim.
Risolat 19 yoshida turmushga chiqdi. U kelin bo‘lib tushgan qo‘shni mahallada ayollar uchun ham kiyim-kechaklar tikish bilan shug‘ullandi. Ammo...
- Turmush o‘rtog‘im bilan bor-yo‘g‘i 7 oy birga yashadim, - deydi R.G‘aniyeva. - U oliy o‘quv yurtida, huquqshunoslik yo‘nalishida ta’lim olardi. Qaynotamning tavsiyasi bilan akademik ta’til olib, xorijga ishlashga ketdi. Pul jo‘natib turardi, ammo o‘zi kelmasdi. Oradan 3 yil o‘tib, kunlarning birida uning olamdan o‘tgani haqida xabar keldi. Bu noxush xabarni eshitib, hushimni yo‘qotganman. U meni “Parijon” deb chaqirardi. Bu voqeadan 4 kun oldin mendan roziligini, yosh kelin paytimda tashlab ketib, uzoq vaqt qaytib kelolmaganini aytib, mening ham undan rozi bo‘lishimni so‘ragandi. Bunday gaplarni gapirmasligini iltimos qilganman...
3 yil davomida turmush o‘rtog‘isiz yashagan bu oqila kelinni barcha oila a’zolari birdek hurmat qilardi. Risolat esa bu oila uchun hurmatga yarasha xizmat qilardi.
- Bir bosh molimiz bor edi, - deya so‘zida davom etadi Risolat. - Kunlarning birida qaynonam jigar serrozi kasalligiga chalingani bois jarrohlik amaliyoti uchun pul kerak bo‘lib qoldi. Uydagilar shu qoramolni sotmoqchi bo‘lishdi. Xo‘jayinim jo‘natgan va o‘zim tikuvchilikdan topgan pullarni jamlab, qaynonamning davolanishi uchun berganman. Sigirimiz sotilmay qolgan. Shuningdek, qishloq markazidan ikki qavatli imorat qurdirgandim. Birinchi qavatida oshxona, ikkinchi qavatida tikuv sexini ochishni maqsad qilgandim. Afsuski, bu ish oxirigacha yetmadi. Yemay-ichmay, kiymay bor topganingni qurilishga sarflab, undan foydalanmasang, albatta, alam qilarkan.
U turmush o‘rtog‘idan ayrilgach, o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahalla, O‘ramasga, ota uyiga qaytib keldi.
- Bir muddat qo‘lim hech ishga bormadi, - deydi qahramonimiz. - Keyinchalik yana tikuvchilik bilan shug‘ullana boshladim. Aniqrog‘i, alamimni tikishdan oldim. Hunarim borligiga shukur qildim. Shu bilan ovundim.
Risolat G‘aniyeva faqat kiyim-kechak tikish bilan shug‘ullanardi. Keyinchalik u o‘zini parda tikish yo‘nalishida ham sinab ko‘rdi. Bunga bozorda parda savdosi bilan shug‘ullanadigan bir tadbirkor ayolning taklifi sabab bo‘ldi.
- Sotuvchi ayolning maslahati bilan parda ham tikib ko‘rdim va bu menga juda ma’qul keldi, - deydi u. - Daromadi ham yaxshi ekan. Bugungi kunda o‘zim yashaydigan hududda taniqli parda tikuvchilarning biriman. Ko‘plab shogirdlar tayyorladim. Asosan, o‘zimga o‘xshab qiynalgan, yordamga muhtoj xotin-qizlarga qo‘limdan kelgancha shu hunarni o‘rgatishga harakat qilyapman. Beminnat, bepul ustozlik qilaman. Aksincha, menga yordami tegsa, ularga xizmat haqini ham beraman.
Risolat hunarining ortidan kam bo‘lmadi. Ota uyiga yaqin joydan o‘zi uchun alohida 6 xonali uy qurdirdi. Shu hovlidagi katta bir xonada tikuvchilik sexi tashkil qilishni niyat qilgan.
- Nogironligim bo‘lsa-da, biror marta yordam so‘rab mahallaga murojaat qilmaganman, - deya bir masalani ham o‘rtaga tashladi u. - Keyingi yillarda Davlatimiz rahbarining chiqishlarini kuzatib boraman. U kishining, asosan, qo‘lidan ish keladiganlarga, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan hunarmand va tadbirkorlarga yordam berilishi kerakligi haqidagi gaplarini eshitib, mahalladan tikuv mashinasi so‘radim. Ammo hech natija bo‘lmayapti. Mavsum paytida buyurtma juda ko‘p bo‘ladi. O‘zimning sog‘lig‘im avvalgidek emas, kuchim yetmaydi. Koronavirus pandemiyasi paytida kasal bo‘lganimdan beri, salga charchab qolaman. Yonimda 3-4 nafar shogirdim bor, mavsum vaqtida ular ham ulgurolmaydi. Agar menda qo‘shimcha tikuv mashinalari bo‘lsa, yana bir necha ishsiz, ehtiyojmand ayolni shogirdlikka olib, ularning bandligini ta’minlagan bo‘lardim. Ishlaganiga yarasha pul oladi, hunar o‘rganadi. Menga ularning haqi kerakmas. Buyurtmachilarning ishini vaqtida bajarib bersak bo‘lgani.
Risolat G‘aniyevaning asosiy maqsadi - yolg‘iz ayol boshi bilan qurdirgan imoratida tikuvchilik sexini ochish. Uning bu maqsadi yo‘lida mahalla faollari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi vakillari va boshqa mas’ullar e’tiborliroq bo‘lsa yaxshi bo‘lardi?!
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (surat).