Igna bilan topilgan shuhrat
Bolaligimizda hozirgidek turli xil o‘yinchoqlarni ko‘rmaganmiz. Otam olib bergan bittagina qo‘g‘irchog‘im bo‘lardi. Uni juda avaylab-asrardim. Qo‘limga igna-ip olishni o‘rganganimdan keyin esa unga har xil kiyimlar tikkanman.
Ko‘p qo‘g‘irchoqlarim bo‘lishini xohlardim. Sotib olsa, otamning qiynalib topgan pullari behuda ketishini o‘ylab, o‘zim yasashga harakat qilardim.
O‘sha paytdagi qiziqish orzuga, orzu esa maqsadga aylandi. Ulg‘ayib, qo‘g‘irchoq yasash, milliy kashtachilik, tikuvchilik, to‘quvchilik sirlarini o‘rganib, hunarmand bo‘ldim. Avvaliga bu hunardan unchalik naf yo‘qdek tuyuldi. Ammo 2013 yilda Hunarmandlar uyushmasiga a’zo bo‘lganimdan keyin turli ko‘rgazmalarda qatnashib, qo‘lda tayyorlangan qo‘g‘irchoq, kashta va kiyim-kechaklarni yaxshigina narxda sotish mumkinligini bildim. Ayniqsa, keyingi 5-6 yilda mamlakatimizda turizmni rivoj¬lantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli bunday ko‘rgazmalar soni va sifati ham ortib boryapti. Bu biz kabi oddiy hunarmandlar uchun juda katta imkoniyatdir. Sababi, qo‘l mehnati bilan tayyorlangan mahsulotlarning qadri oshdi. Ularga sayyohlar, ayniqsa, xorijliklarning qiziqishi baland.
Bu ish uyda o‘tirib, farzand tarbiyasi, ro‘zg‘or yumushlaridan ajralmagan holda amalga oshishi bilan ham ahamiyatlidir. Qilayotgan daromadimiz ham yildan-yilga ortib boryapti. Masalan, 2020 yilda 4 mingdan ortiq mahsulot tayyorlab, sotdim va 23 million so‘m sof foyda qildim. 2021 yilda esa daromadim 30 million so‘mga yetdi.
Paxtachi tumanining Saroy mahallasida yashayman. Ammo shogirdlarim tumanning turli hududlaridan. Ular yigirma nafardan ortiq. Har biri yana o‘nlab shogirdlar tayyorlayapti.
Keyingi yillarda yurtimizda hunarmandlarning ham mehnati qadr topyapti. Yaqinda Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga asosan, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim.
Olis hududda yashaydigan hunarmandga, oddiy kashtado‘zga ko‘rsatilgan bunday e’tibor meni juda xursand qildi va albatta, zimmamga katta mas’uliyat yukladi. Hali men o‘zimni bunga loyiq, deb bilmasdim. Shuning uchun ham bu yuksak mukofot o‘zimnikimas, paxtachilik hunarmand ayollarniki, shogirdlarimniki, deb bilaman.
Nozik Yo‘ldosheva.