2024 yil Samarqandda tashabbusli byudjet uchun 518 milliard so‘m ajratilgan
Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Orzumurod Mardonovning ma’lum qilishicha, investitsiya dasturi doirasida joriy yilda 1,6 trillion so‘mlik 259 ta ob’yektda qurilish ishlarini bajarish belgilangan.
Jumladan, 152 tasi (869,8 milliard so‘m) ijtimoiy soha, 70 tasi (580,7 milliard so‘m) muhandislik-kommunikatsiya va 37 tasi (152,8 milliard so‘m) boshqa turdagi ob’yektlar hisoblanadi. Ob’yektlarning 196 tasi yangidan boshlanuvchi va 63 tasi yildan-yilga o‘tuvchi qurilishlar sirasiga kiradi.
Yangidan boshlanuvchi 196 ta ob’yektdan 189 tasining pudratchisi anqlangan, 896,1 milliard so‘m moliyalashtirilgan hamda 897,5 milliard so‘mlik ish bajarilgan. Shuningdek, bugunga kelib 29 ta ob’yekt foydalanishga topshirilgan.
Tashabbusli byudjetning 1-bosqichi doirasida 309,8 milliard so‘m mablag‘ evaziga 250 ta ob’yektda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borish rejalashtirilgandi va ob’yektlarning 243 tasida qurilish boshlanib, 122,6 milliard so‘m moliyalashtirilgan hamda 63,3 milliard so‘mlik ish bajarilgan. Bugungacha 9 ta ob’yekt foydalanishga topshirilgan. 2-bosqichda 208,2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish uchun 161 ta loyiha g‘olib bo‘lgan. Hozirda loyihachi tashkilotlarni aniqlash uchun tender savdolariga joylashtirilmoqda.
- Maxsus qaror asosida qabul qilingan dasturga asosan 116 milliard so‘m mablag‘ evaziga 83 ta, shundan 28 ta ichimlik suvi, 16 ta elektr ta’minoti, 16 ta ichki yo‘llar, 15 ta ijtimoiy soha va 8 ta gaz ta’minoti loyihalarini amalga oshirish belgilangan, - deydi O.Mardonov. – Dastur doirasida bugungacha 73,5 milliard so‘m (63 foiz) moliyalashtirildi, 61,5 milliard (53 foiz) so‘mlik ish bajarildi hamda 5 ta ob’yekt foydalanishga topshirildi.
Ko‘p qavatli uy-joylar va “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bo‘yicha joriy yilda viloyat bo‘yicha jami 182 ta ko‘p qavatli uy-joylarni foydalanishga topshirish belgilangan. Bugunga qadar 28 ta uy-joy (15 foiz) egalariga topshirildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 77 ta, shundan Bulung‘ur tumanida 30 ta, Samarqand shahrida 20 ta, Urgut tumanida 17 ta va Toyloq tumanida 10 ta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Hozirgacha Samarqand shahrida 10 ta va Bulung‘ur tumanida 6 ta uy-joy foydalanishga topshirildi.
Ajratilgan mablag‘larning to‘g‘ri sarflanishi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan nazorat tadbirlar ham o‘tkazib boriladi. Shunday tadbirlar davomida 234,8 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Ushbu mablag‘larning 70,6 milliard so‘mi loyiha-smeta hujjati ishlab chiqishdan, 114,9 milliard so‘m ekspertizalarda hamda 49,2 milliard so‘mi tenderda iqtisod qilingan. 100 holatda sifatsiz bajarilgan 2,4 milliard so‘m, 65 holatda hisobotlarga qo‘shib yozilgan 6,8 milliard so‘mlik ishlar bartaraf qilingan. 88 holatda 1,4 milliard so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilishning oldi olingan. Natijada 33 ta taqdimnoma kiritilib, 45 nafar mas’ul intizomiy va 240 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. 212 nafar shaxs rasman ogohlantirilib, 22 ta (zarar miqdori 3,1 milliard so‘m) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.