Eronda harbiy ustunlik bormi?

Yaqin Sharq mintaqasidagi turli davlatlar osmonida uchuvchisiz uchoqlar aks etgan videolar tarqalmoqda. Tahlilchilar Eronning bu qurilmalari - “Shahid” droni mintaqada yangi xavfli tendensiyani shakllantirmoqda.

“Euronews” nashrining yozishicha, bu yerda asosiy xavf texnologiyaning sifati emas, past narxi bilan bog‘liq. Zero, oddiy va nisbatan arzon qismlardan yig‘iladigan “Shahid”ning donasi taxminan 25-40 ming yevroga tushadi. Dronni yo‘q qilish uchun esa havo mudofaa tizimi ba’zan million dollarlik raketani ishga soladi. Ya’ni, ommaviy ravishda havoga ko‘tarilgan o‘zi uchar qurilmalar o‘ta qimmat, zamonaviy himoya qurollarini ham qiynab qo‘yadi.

Eron avvaliga minglab shunday aslahani Rossiyaga yetkazib berdi va Ukraina bilan urushda qanday qo‘llanayotganini kuzatdi. Endi Tehron shu taktikani Yaqin Sharqda ham qo‘llayapti.

“Shahid”ning ayrim modellari parvoz masofasi 2500 kilometrgacha yetadi. Boshqacha aytganda, O‘rta Yer dengizi sohilidan Arabiston yarim oroligacha bo‘lgan manzillarni qamrab oladi. Shu bois bunday dron AQSh harbiy bazalari, hududdagi neftni qayta ishlash inshootlari va yirik shaharlar uchun jiddiy tahdid sifatida baholanmoqda.

Darvoqe, ayni xavfga qarshi yagona samarali usul ko‘p qatlamli havo mudofaa tizimini yaratish ekani ta’kidlanyapti. Ukraina tajribasida elektron kurash vositalari, mobil guruhlar va maxsus dron tutgichlardan foydalanish orqali “Shahid” rusumli qurilmalarning 80 foizdan ko‘pi yo‘q qilingan. Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya hozirgacha qariyb 60 000 “Shahid” ishlatgan. Tabiiy savol tug‘iladi: Yaqin Sharq shunday ommaviy hujumga tayyormi?