Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya: "Yashil" iqtisodiyot va raqamli texnologiyalarning iqtisodiyotdagi o‘rni qanday?

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida “Yashil iqtisodiyotga o‘tish, raqamli texnologiyalar va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishda kadrlar salohiyatini oshirish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi, Finlandiyaning Oulu universiteti, Shveysariyaning Caritas tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Erasmus+ dasturining OFINU loyihasi hamda Janubiy Koreyaning Xalqaro bog‘dorchilik instituti hamkorligida tashkil etildi. Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, xalqaro universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan institut rektori, professor Shavkat Hasanov bugungi dunyoda "yashil" iqtisodiyot va raqamli texnologiyalarning iqtisodiyotdagi o‘rni hamda yuqori salohiyatli kadrlarning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev mazkur konferensiyaning dolzarbligi haqida so‘z yuritib, institutda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Institut yoshlarining doimiy ravishda xorijiy amaliyotga jo‘natilishi, ilmiy jarayonlarning jadalligi, shu bilan birga xalqarolashuv bo‘yicha erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidladi.
Xalqaro anjumanda iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot va startap loyihalar poster taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bunda institutning iqtidorli talaba-yoshlari o‘z ishlanmalari bilan ishtirok etib, ilmiy tadqiqot yoki startap loyihalari haqida ma’lumot berdi. Qatnashuvchilarga loyihalar aniq bir muammoning yechimi sifatida taqdim etildi. Ularning amaliyotga tadbiq qilish imkoniyatlari ham yuqoriligi mehmonlarda qiziqishni yanada kuchaytirdi.
Shuningdek, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirokchilar shu’balarga bo‘lingan holda dastur bo‘yicha muhokamalarni davom ettirdi. Olimlar shu’balarda iqlim o‘zgarishi, barqaror qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini samarali boshqarishda raqamli texnologiyalar va zamonaviy yondashuvlar, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va tuproq unumdorligini oshirishda innovatsion texnologiyalar va ularni ishlab chiqarishga tadbiq etish, dorivor o‘simliklar va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash jarayonida zamonaviy texnologiyalarning o‘rni va kadrlar tayyorlashda yangicha yondashuvlar kabi mavzularda amalga oshirayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishtirdi.
Tadbir doirasida ekologik innovatsiyalarni ta’lim jarayonlariga tatbiq etish, suv resurslarini boshqarishda raqamli yechimlarni kengaytirish, bioxilma-xillikni saqlash hamda barqaror ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirishga oid yangi tashabbuslar ilgari surildi.