Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti tashkil etildi
Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali negizida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 iyuldagi “Agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida belgilandi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, filialga tegishli barcha mol-mulk operativ boshqaruv huquqi asosida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga o‘tkazildi.
Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan institut huzurida Koreya Respublikasi hukumatining 4,5 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobidan “Kartoshka urug‘chiligi va ishlab chiqarish tizimini rivojlantirishda kadrlar salohiyati va tadqiqotlarni rivojlantirish loyihasi doirasida O‘zbekiston-Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi" tashkil qilinadi.
Mazkur institutda Yevropa Ittifoqining ta’lim dasturi doirasida yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan “Bioiqtisodiyot” markazi tashkil etiladi.
Institut huzurida CARIS “Samarqand innovatsion ta’lim va qishloq xo‘jaligi islohotlari tadqiqotlari” markazida xalqaro standartlar asosida qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar samarasi tahlili hamda tadqiqotlari amalga oshiriladi.
Institut moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 2024-2025 o‘quv yiliga qadar 1000 o‘rinli o‘quv binosi quriladi va 360 o‘rinli talabalar turar joyi rekonstruksiya qilinadi.