Samarqandda In-vitro laboratoriyasi va gidroponikali issiqxonalar ochildi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida “O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlaridan mehmonlar ishtirok etdi.

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish borasida Janubiy Koreya Respublikasi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi, Koreya qishloq hududlarni rivojlantirish koorporatsiyasi bilan hamkorlikda besh yillik loyiha imzolagan. Loyiha doirasida institutda gidroponik-issiqxona, In-vitro laboratoriyasi va omborxonalar qurildi.

Dastlab In-vitro laboratoriyasi va gidroponikali issiqxonalarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Institut rektori va mehmonlar ramziy lentani kesishdi.

- Bu yil institutda barpo etilgan gidroponikali issiqxonaga koreyalik mutaxassislar, institut olimlari va tadqiqotchilar birgalikda dastlabki mikrotuganaklarni ekishdi, - dedi institut rektori Shavkat Hasanov. - Dastlabki tadqiqotlarda respublikamizda keng tarqalgan 3 ta nav, jumladan “Pikasso”, “Sante” va “Nevskiy” navlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Kelgusida ushbu markazda intensiv usulda respublikamiz iqlim sharoitiga mos navlarni va ularning sog‘lom yuqori sifatli urug‘larini ishlab chiqish hamda sohada kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich oshirib borish rejalashtirilgan.

- Chetdan keladigan kartoshka urug‘chiligini O‘zbekistonda yetishtirish maqsadida ushbu loyihani boshladik, - dedi Xalqaro bog‘dorchilik instituti direktori, professor Lee YB. – Ikkinchi maqsadimiz kartoshka urug‘chiligi borasida salohiyatli kadrlarni yetishtirishdan iborat. Samarqand sharoiti kartoshka yetishtirishga mos hudud, shuning uchun biz aynan ushbu issiqxonalarni Samarqandda qurishni rejalashtirdik. Bugun institutning yetuk olimlari va tadqiqotchi bilan birgalikda zamonaviy issiqxonalarda tadqiqotlar olib boryapmiz.

Xalqaro ilmiy amaliy konferensiya doirasida O‘zbekistonda kartoshka seleksiyasi va urug‘chiligidagi muammolar, uning yechimlari hamda kadrlar salohiyatini oshirish, kartoshka yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalar hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish mavzularida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

- Bir gektar kartoshkadan olinayotgan hosildorlik bizda 17-18 tonna atrofida edi, - dedi institut kafedra mudiri, professor Sobir Sanayev. – Shu kecha-kunduzda respublikada bir gektardan olinayotgan hosildorlik 30 tonnagacha ko‘tarildi. Bu kartoshka ekinida olib borilayotgan tadqiqotlar va ilmning natijasidir. Shuning uchun ham unga e’tibor katta. Bugungi kunda xorijdan keltirilayotgan kartoshka urug‘larining bir kilogrammi o‘rtacha 15-20 ming so‘mni tashkil qilsa, 1 gektar yerga 3,5-4 tonna urug‘ ekilishini hisobga olsak, bu 70 million so‘m bo‘ladi. Xorijdan olib kelayotgan kartoshka urug‘larini arzonlashtirish va dehqonlarning daromadini oshirish maqsadida kartoshka urug‘chiligini o‘zimizda tayyorlashni maqsad qilganmiz.

Konferensiya ishi ikki kun davom etadi.

Xurshida Ernazarova.