​​Mahallaning farishtasi

- Tarbiya ko‘rmaganlar, - yozg‘irib qolardi Tojinisa xola.

Saksondan sakrab o‘tgan bu miqti kampir katta buvimning yon qo‘shnisi bo‘lib, rangi o‘chgan chit ko‘ylak va eskigina kavushli qishloq "tarbiyachisi" edi.

U yarim vayrona kulbasida ellik beshlarga yetgan nogiron o‘g‘li bilan birga yashardi.

G‘alati edida o‘ziyam.

U tufayli mahallamizda so‘kinish, urushish tugul, hatto qattiq gapirib bo‘lmas, bolasini nazoratsiz qoldiradigan onalarini-ku sira ayab o‘tirmasdi.

- Mandan xafa bo‘lma qizim, “bola boshdan” deydilar! O‘sha dilbuzoringni kamroq ko‘rsang sandan xafa bo‘lmaydi.

Parvoyi falak onalarning qoshi chimirilib, dadilrog‘i tilidagi zaharni shart sochardi:

- Ufff! Jonga tegdingiz, xola! Atigi bitta kino ko‘rdim. Nimaga hammani uyiga bostirib kelib, leksiya o‘quvrasiz? Ana, o‘ynashyapti baloday! Sizga og‘irligi tushmasin!

Tojinisa xola har doim qimirlatib turadigan boshini badtarroq qimirlatib, nasihatni davom ettirar edi:

- Hay-hay, qizim! Omonatini balo dema! Ilohim, sog‘-omonlikda ko‘zingni quvnatib yurishsin!

Bunaqa voqealar qishlog‘imizda ko‘p bo‘lardi. Xolaning tashrifidan so‘ng onalarga insof berib, bolalari borligi yodiga tushar, gap ta’sir qilmaganlarini esa erlari tarbiyalab olardi.

Quda- anda, qo‘ni-qo‘shni, aka-uka mojarolari tez tugasa qiziq bo‘larkan. Aslida odamlar kampirning uzoq davom etguvchi nasihatlarini eshitib turishdan ko‘ra yarashib olishni ma’qul ko‘rishardi. Xola uzoqlashgach, janjalni davom ettirmoqchi bo‘lishardi-yu, keyin nimadir o‘xshamay qolardi. Qo‘ydi- chiqdilarning yo‘qligi tufayli, biz tomonga qiz uzatib, kelin qilishga orzumandlar ham ko‘p edi.

Yana bir gap. Xola Rahmat akani ichmaydigan, Jannat opani yurmaydigan, oqsuyak Shirinni qoralarning ustidan kulmaydigan qilib tarbiyalaganlaridan so‘ng, Hamro o‘g‘riga ham navbat keldi.

Bechora... Kelib-kelib xolaning uyiga o‘g‘irlikka tushadimi? Buyam besabab emasdir, Allohning mehri-da! Nima bo‘lganini bilmaymiz-u, qamoq tuzata olmagan o‘g‘ri o‘sha yerning o‘zidayoq qing‘ir ishlarini tashlashga so‘z beribdi.

Kampirning bir og‘iz gapi bilan uni qabristonga qorovul etib tayinlashdi. Keksa go‘rkov o‘lgach, uning ishi ham sobiq o‘g‘riga qoldi. Baribir qishloq ahli norozi edi.

- O‘lsin! O‘liklarimiz shu piyonista o‘g‘riga qoldimi?

- Kampir shu ishga aralashmasa bo‘lardi. Go‘rkovlik qilishga pokdomonroq odam topilardi...

Visir-visirlarning chegarasi yo‘q, «Hamro o‘g‘ri marmar toshlarni qo‘porib sotmayaptimikin» degan xavotir bilan marhumlarini unutgan oliftalar ham tez-tez ziyoratga kelib turadigan bo‘lib qolishdi.

Tojinisa xola ham sudralib kelar, marhumlarni alohida, Xamroni alohida duo qilgach, yana sekingina kulbasiga qaytardi...

Qishloq ahliga yana bir g‘am tushdi. Endi odamlar qabristonda tez-tez diydorlashib o‘tirgan kampir va o‘g‘ridan gumonsirab uyqulari qochgandi...

Ammo bu xavotirlar noo‘rin ekan. Qish chiqmay o‘g‘ri hech kim qilmagan savob ishlarni boshlab yubordi. Uyalgancha uzoqdan uni kuzatayotgan odamlar tillarini tishlashdan boshqa choralari qolmadi.

Hamro o‘g‘ri emas, Hamro tog‘a avval mozorning to‘kilgan devorlarini paxsa urib tikladi. Daraxtlarni oqladi. Allaqachon sinib ketgan eshik o‘rniga, taxtadan darvoza yasab, xalqning duosini oldi. Qabristonga olib kiradigan, hamisha tikanak o‘sib yotadigan yo‘lni tekkislab, anvoyi gullar ekib yashnatib yubordi.

Buni qarang, o‘sha gullar barq urib ochilgan kunlarining birida Tojinisa xola omonatini osongina topshirib, Yaratganning huzuriga chiroyli yo‘ldan ravona bo‘ldi.

Muazzam Ibrohimova.