Aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olinadi

2025 yil 19 sentyabrda Prezidentimizning “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan 2026 yilning 15 yanvardan 28 fevraligacha mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.

Bu jarayon mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini strategik rejalashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Hozirgacha yurtimizda umummilliy aholini ro‘yxatga olish tadbiri faqat bir marotaba – 1989 yilda o‘tkazilgan. Shundan buyon aholi soni ancha oshdi, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar ham sezilarli darajada o‘zgardi. Bugungi kunda aholi va qishloq xo‘jaligi haqida yangilangan ma’lumotlarga katta ehtiyoj bor.

Ro‘yxatga olish orqali aholining yoshi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, migratsiya jarayonlari, ish bilan bandligi va daromad manbalari haqida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanadi.

Tadbir ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki 17 kunda fuqarolar“census.stat.uz” portali orqali ONEID tizimi yoki JShShIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami) yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Keyingi bosqichda esa “mahalla yettiligi” va boshqa faollar uyma-uy yurib, ma’lumot to‘playdilar.

Hozirda joylarda tayyorgarlik ishlari izchil olib borilmoqda. Mahallalar, maktablar va ta’lim muassasalarida aholiga ro‘yxatdan o‘tishning mazmun-mohiyati va maqsadlari haqida tushuntirishlar berilmoqda. Yig‘ilgan ma’lumotlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish dasturlari uchun asosiy manba bo‘ladi.

Bundan tashqari, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini baholash, xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rnini yuksaltirish, xorijiy investorlarni jalb qilish va turizm salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonlar mamlakatda ijtimoiy farovonlikni oshirish, qishloq xo‘jaligidagi mablag‘lardan samarali foydalanish va kelgusi dasturlarni to‘g‘ri rejalashtirishga yordam beradi.

Ro‘yxatga olish qish fasliga mo‘ljallangani ham birmuncha qulaylik yaratadi. Chunki bu davrda aholi ko‘p harakatlanmaydi, qishloq xo‘jaligida mavsumiy ishlar kamayadi. Eng muhimi, ro‘yxatga olish jarayoni faqat raqamlar yig‘ish uchun emas, balki fuqarolarning turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladigan muhim qarorlar qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Bundan tashqari, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tavsiyalarida ta’kidlanganidek, muvaffaqiyat uchun qishloq xo‘jaligiga bag‘ishlangan alohida anketa yoki modul joriy etiladi. Bunda uy xo‘jaliklari tarkibida qishloq xo‘jaligi faoliyatini yuritayotgan sub’yektlar aniqlanishi, ro‘yxatga oluvchilar qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tkazilishi lozim. Bu bilan qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik ko‘rsatkichlari aniqlanadi. O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini birgalikda ro‘yxatga olish tartibining joriy etilishi resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish imkonini beradi. Alohida-alohida ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazishga ketadigan ortiqcha moliyaviy, insoniy va texnik resurslar qisqaradi. Bitta integratsiyalashgan jarayon orqali ma’lumot yig‘ish xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Shuningdek, aholi va qishloq xo‘jaligiga doir ma’lumotlar bir vaqtda yig‘ilgani uchun ro‘yxatga olish jarayoni tezlashadi. Bu ma’lumotlarning yangiligi va dolzarbligini saqlash imkonini beradi. Bitta uy xo‘jaligi haqida demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlar bir paytda yig‘ilganida statistik uyg‘unlik va ma’lumotlarning o‘zaro bog‘liqligi oshadi. Bu esa iqtisodiy va ijtimoiy rejalashtirishda yanada aniq rejalar tuzish imkonini beradi. Strategik rejalashtirish uchun kuchli poydevor yaratiladi. Aholining yashash joyi, daromad manbalari va qishloq xo‘jaligi faoliyati haqidagi mukammal ma’lumotlar asosida hududlar bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar, infratuzilma va qishloq xo‘jaligi rivojlanish dasturlarini aniq rejalashtirish mumkin. Xalqaro reytinglar va hamkorlikka ishonch oshadi. Yuqori sifatli va xalqaro standartlarga mos statistika O‘zbekistonning BMT, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar oldidagi nufuzini oshiradi hamda yangi moliyaviy hamkorliklar uchun imkoniyat yaratadi. Yig‘ilgan ma’lumotlarning elektron shaklda real vaqt rejimida qayd etilishi raqamli iqtisodiyot rivojiga xizmat qiladi va statistik axborot bazalarini takomillashtiradi. Umuman olganda, aholi va qishloq xo‘jaligini bir vaqtda va integratsiyalashgan holda ro‘yxatga olish O‘zbekiston uchun nafaqat moliyaviy tejamkorlik, balki zamonaviy statistika tizimiga o‘tish, davlat boshqaruvida ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirish va fuqarolar bilan muloqotni kuchaytirish imkonini beradi.

Bu jarayonni amalga oshirish uchun statistika organlaridan katta kuch va qo‘shimcha resurslar talab etiladi. Shu bois aholi va qishloq xo‘jaligi jarayonlarini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish uchun (vaqtincha 6 oyga) mutaxassislar jalb qilish ko‘zda tutilgan. Bunda mutaxassis yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan samarali bajargan taqdirda, uni doimiy ishga qabul qilish masalasi tashkilot tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.

Buning uchun mutaxassislardan:

- ro‘yxatga olish sohasi bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar, tashkiliy chora-tadbirlar va respublika komissiyasi hujjatlarining belgilangan muddatlarda bajarilishi ta’minlanishiga mas’ul bo‘lish;

- ro‘yxatga olish tadbiri yuzasidan aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish (ko‘rsatuv va radioeshittirishlar, seminarlar va boshqalar) hamda ushbu masala bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar koordinatsiyasini yuritish;

- tuman va shaharlarda ro‘yxatga olishga tayyorgarlik va uni o‘tkazish jarayonlarida tuziladigan hududiy komissiyalar va shtablar, shuningdek, ro‘yxatga olish va hisob uchastkalari faoliyatini muvofiqlashtirish va amaliy qo‘llab-quvvatlash;

- hududlarda vaqtincha jalb etiladigan “Mahalla yettiligi” xodimlari ro‘yxatini shakllantirish, yangilab borish va ularni o‘qitish ishlarida ishtirok etish;

- hududiy kadastr organlari bilan hamkorlikda mahalla xaritalarini yangilash hamda tuman-shaharlarning tashkiliy rejalarini tuzish ishlarini muvofiqlashtirish;

 - ro‘yxatga olish jarayonlari sifatli o‘tkazilishini ta’minlashda ishtirok etish va ro‘yxatga oid statistik ko‘rsatkichlarning ishonchliligini, haqqoniyligini, to‘liqligini va tizimliligini ta’minlash talab etiladi.

Mutaxassis oliy ma’lumotli (iqtisodiyot, statistika, demografiya, sotsiologiya, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari ustuvor) bo‘lishi lozim.

Ishlash davri 6 oy – 2025 yil 1 oktyabrdan 2026 yil 1 aprelgacha mo‘ljallangan va oyiga 6 million so‘mdan yuqori maosh taklif qilinadi.

Nomzodlar rezyumeni hr@stat.uz, Z.Talipova@stat.uz  elektron pochta manzillariga yuborishlari mumkin.

Sharof Abdiyev,

viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i.