Isroil qo‘shinlari chiqarilgandan so‘ng G‘azodagi holat

Isroil va XAMAS o‘rtasidagi kelishuvning birinchi bosqichi boshlandi. Unga ko‘ra, janglar to‘xtatilmoqda, ba’zi garovdagilar ozod qilinmoqda, asirlar almashinmoqda va ayrim harbiy qismlar G‘azo hududidan chiqarildi.

Ammo insonparvarlik ahvol og‘irligicha qolmoqda. Oziq-ovqat, ichimlik suvi va tibbiy yordam yetishmaydi. Ko‘plab uylar, maktablar va shifoxonalar vayron bo‘lgan. Minglab odamlar boshpanasiz qolgan.

Qo‘shinlar ayrim joylardan chiqqaniga qaramay, Isroil hali ham G‘azo sektoridagi muhim yo‘llar va chegara hududlari ustidan nazoratni saqlab turibdi.

Tinchlik va qo‘shinlar chiqarilishini odamlarga xotirjamlik, quvonch baxsh etgan bo‘lsa-da, ammo xavotir mavjud: aholi tinchlik uzoqqa cho‘zilmasligi, odamlar o‘limi, vayronalik va azob-uqubatlar davom etishidan qo‘rqmoqda.

Eslatib o‘tamiz: kecha AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS o‘rtasida otashkesimni to‘xtatishning birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu urushni tugatish yo‘lidagi muhim qadam.

Biroq xalqaro manbalar ta’kidlashicha, urush hali rasman yakunlanmagan — hozircha faqat tinchlik rejasining dastlabki bosqichi amalga oshirilmoqda. Keyingi qadamlar muzokaralar natijasiga bog‘liq bo‘ladi.

Isroil hukumati AQSh tomonidan taklif etilgan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasini ma’qulladi: birinchi bosqich amalga oshmoqda, ammo keyin nima bo‘ladi?

Birinchi bosqichga ko‘ra, Isroil armiyasi allaqachon qo‘shinlarni «sariq chiziq» deb atalgan hududgacha orqaga tortmoqda. XAMAS esa yaqin kunlarda 20 tirik va 28 halok bo‘lgan garovdagi isroillikni topshirishi kerak. Evaziga Isroil 250 nafar terrorizmda ayblangan mahkumni va G‘azoda qo‘lga olingan 1700 nafar kishini ozod qiladi.

«Tramp rejasi»ning ikkinchi bosqichi XAMASni qurolsizlantirish va hukumatdan chetlatishni nazarda tutadi, ammo bu borada hozircha XAMAS tomonidan rozilik berilmagan. Shu bois, amalda birinchi bosqich bajarilgandan so‘ng Isroil armiyasi o‘t ochishni to‘xtatadi va chekinadi, XAMAS esa G‘azo ustidan nazoratni saqlab qoladi.

Bu qaror Isroil koalitsiyasi orasida noroziliklar keltirib chiqarmoqda: vazirlar Ben-Gvir va Smotrich kelishuvga qarshi chiqib, hukumatni tark etish bilan tahdid qilishdi. Agar ular va’dasida tursa, Netanyahuning qo‘lida 120 o‘rindan faqat 47 tasi qoladi va hukumat ag‘darilishi mumkin.

OAV asosida Gulnora Xoldorova tayyorladi.