Falastin: yangi tan olishlar va nizoning davom etishi

Davlatchilikni tan olish

O‘tgan haftada falastin davlatchiligi masalasi yana xalqaro kun tartibining markaziga chiqdi. 21 sentyabr kuni Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Portugaliya rasman Falastin Davlatini tan oldi. Falastin Tashqi ishlar vaziri buni «xalq mustaqilligi va suverenitetini yaqinlashtirayotgan tarixiy qadam» deb atadi.

22 sentyabrda bu harakatga Fransiya va Malta qo‘shildi. BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parij falastin davlatchiligini tan olishini tasdiqladi. Malta bosh vaziri ham xuddi shunday bayonot berdi. Shu tariqa, 2025 yil sentyabriga kelib, BMTga a’zo 193 ta davlatdan Falastinni tan olganlari 155 taga yetdi.

Fransiya va Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan Nyu-Yorkda o‘tkazilayotgan sammit davomida yana bir qator davlatlar o‘z qarorini e’lon qilishi kutilmoqda.

Dunyo reaksiyasi

Germaniya va Italiyani o‘z ichiga olgan qator Yevropa davlatlari hozircha rasmiy tan olishdan tiyilib turibdi. Ular bu imkoniyatni zo‘ravonlikni to‘xtatish va Isroil xavfsizligini kafolatlash shartlari bilan bog‘lamoqda. Shu bilan birga, Ispaniya Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning «Falastin davlati hech qachon bo‘lmaydi» degan so‘zlarini keskin qoraladi.

G‘azodagi harbiy harakatlar

Diplomatik tashabbuslar bilan bir vaqtda G‘azo sektoridagi vaziyat juda tang bo‘lib qolmoqda. 19 sentyabr kuni Isroil aviatsiyasi Gaza-Siti va Bureyj lagerini yana bombardimon qildi. Falastin manbalariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida tinch aholi, ya’ni ayollar va bolalar ham bor.

BMT Xavfsizlik Kengashi otishmani darhol to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyusiyani ko‘rib chiqqan, ammo AQSh bu hujjatga veto qo‘ydi.

Montevideo Konvensiyasi mezonlari

1933 yildagi Montevideo Konvensiyasiga ko‘ra, har qanday davlat quyidagi to‘rt shartga javob berishi lozim: doimiy aholi, aniq hudud, o‘z hukumati, boshqa davlatlar bilan munosabatga kirishish salohiyati.

Falastin ikki mezonga to‘liq javob beradi: doimiy aholisi mavjud va xalqaro aloqalarga kirisha oladi. Masalan, diplomat Husam Zomlotning faoliyati bunga misol bo‘la oladi.

Biroq hudud masalasi ancha murakkab. Falastinliklar o‘z davlatining tarkibi deb hisoblaydigan Sharqiy Quddus, G‘arbiy sohil va G‘azo 1967 yildan beri Isroil nazoratida. G‘arbiy sohilda qo‘shinlar va yahudiy ko‘chmanchilarning kengayishi natijasida Falastin ma’muriyati hududning faqat 40 foizini boshqaradi. Sharqiy Quddus yahudiy mahallalari orqali asta-sekin G‘arbiy sohildan uzilib qolmoqda. G‘azo esa ikki yildan ortiq davom etgan urushlardan so‘ng vayronaga aylangan.

«Bizga yangi rahbariyat kerak»

Davlatchilikning yana bir muhim mezoni – hukumat masalasi. 1994 yildan beri Falastin Milliy Ma’muriyati mavjud bo‘lib, uni Mahmud Abbos boshqaradi. Biroq 2007 yildan beri falastinliklar ikkiga bo‘lingan hukumat ostida yashaydi: G‘azoda – HAMAS, G‘arbiy sohilda esa xalqaro tan olingan ma’muriyat. Hududiy bo‘linishga siyosiy parokandalik ham qo‘shildi: so‘nggi saylovlar 2006 yilda bo‘lib o‘tgan. Bugungi kunda butun bir avlod hech qachon saylovda ishtirok etmagan. «Shuncha yil saylov o‘tkazilmagani aqlga sig‘maydi. Bizga yangi rahbariyat kerak», deydi huquqshunos Diana Buttu.

Istiqbol

Shu tariqa, Falastinni tan olish ko‘proq ramziy ahamiyat kasb etmoqda. Dunyo buni «ikki davlat» g‘oyasiga qo‘llab-quvvatlov sifatida ko‘radi. Biroq aniq chegara va yagona hukumatsiz, «Falastin haqiqiy davlat sifatida mavjudmi?» degan savol ochiqligicha qolmoqda.

Internet xabarlari asosida G.XOLDOROVA tayyorladi.