Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Isroil va HAMAS Qatar vositachiligida 2023 yil oktyabrdan beri davom etib kelayotgan G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatishga kelishib oldi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ushbu kelishuv o‘zi 2024 yil mayda taklif etgan rejaga muvofiq erishilganini ta’kidladi.

Reja uch bosqichni o‘z ichiga oladi. OAV xabar berishicha, birinchi bosqich olti hafta (42 kun) davom etadi. Shu muddat ichida Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan bosqichma-bosqich chiqib ketishi, hududga esa har kuni gumanitar yordam yuklangan bir necha yuz yuk mashinalari kiritilishi kerak bo‘ladi.

HAMAS shu muddat ichida garovda ushlab turilgan 33 kishini ozod qiladi. Isroil garovga olinganlarning umumiy sonini 94 kishi deb baholagan bo‘lib, ularning 34 nafari, ehtimol, hayotdan ko‘z yumgan.

Ikkinchi bosqichda Isroil va HAMAS urushni butunlay tugatish uchun choralarni muhokama qiladi. Bu bosqich olti hafta davom etishi kerak. Ushbu muddat ichida kelishuvga erishilmasa, o‘t ochishni to‘xtatish muddati uzaytiriladi.

Muzokaralarning uchinchi bosqichida qolgan garovga olinganlarni Isroilga qaytarish va G‘azo sektorini qayta tiklash rejasi muhokama qilinadi.