Isroil va HAMAS o‘rtasidagi to‘rt kunlik sulh pauzasi boshlandi
G‘azo sektorida Isroil va HAMAS o‘rtasida to‘rt kunlik sulh kuchga kirdi. Kun davomida HAMAS birinchi isroillik 50 nafar garovga olinganlarni, Isroil tomoni esa 150 nafar falastinlikni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da ozod qilishlari kerak.
Sulh urushayotgan tomonlarning 7 oktyabrdan beri bir-biriga nisbatan birinchi qadamidir. Undan oldin bir necha hafta davom etgan keng ko‘lamli otishma va janglar bo‘lib o‘tdi, ularning qurbonlari, G‘azo sektori rasmiylariga ko‘ra, 13 mingga yaqin tinch aholi vakillaridir.
To‘qnashuv dunyoni ikki lagerga bo‘ldi. Ba’zilar Isroilni qo‘llab-quvvatlaydi va uning barcha harakatlarini HAMAS terrorchilariga qarshi kurash deb oqlasa, boshqalari Isroil armiyasini sektor aholisini muntazam ravishda yo‘q qilish va ko‘plab harbiy jinoyatlarda ayblab, falastinliklar tomonini olishadi.
HAMAS vakillaridan iborat G‘azo sektori hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra, 7 oktyabrdan 15 noyabrgacha Isroil armiyasi bostirib kirgan hududda 13 mingga yaqin odam halok bo‘lgan, 30 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bu raqamlar har kuni bir necha yuzga ortib borayotganini aytadi. BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi 8 noyabr kuni sektorda 2700 ga yaqin odam bedarak yo‘qolganini ma’lum qiladi. Ularning aksariyati, tashkilot taxminicha, vayronalar ostida. Mojaro qurbonlarining aksariyati ayollar va bolalardir.
Janglar aholi zich joylashgan shaharlarda kechmoqda, tibbiy yordam olish imkoniyati deyarli yo‘q. Washington Post gazetasining qayd etishicha, SAXAL raketalari qochqinlar lagerlari, turar-joy hududlari, suv minoralari, novvoyxonalar, baliqchilarning qayiqlari, maktablar, kasalxonalar, masjidlar, cherkovlar va boshqa tinch aholi nishonlariga zarba bermoqda.
BMT Aholi jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida 50 ming homilador ayol bo‘lishi mumkin, ulardan 5,5 ming nafari keyingi bosqichda. Noyabr oyi boshida G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi kamida uchta yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘limi haqida xabar bergan edi: ularning hayotini ta’minlagan inkubatorlar elektr uzilishidan keyin ishlamay qolgan.
31 oktyabr kuni Jabaliya shahriga uyushtirilgan va taxminan 50 kishining hayotiga zomin bo‘lgan aviazarbalarni sharhlar ekan, SAXAL vakili Richard Xet harbiylar o‘zining asosiy maqsadi – HAMAS yetakchilaridan biri Ibrohim Biarini yo‘q qilishdan iborat ekanini aytgan.
Washington Post eslatishicha, xalqaro qonunlarga ko‘ra, harbiylar tinch aholi orasida "ortiqcha qurbonlar"ga olib keladigan qarorlar qabul qilmasligi kerak. Jabaliya qochqinlar lageriga hujumni rejalashtirayotganda SAXAL yuzlab odamlar halok bo‘lishini oldindan bilishi kerak edi. Xullas, ekspertlar Isroil armiyasining harakatlarida qonunbuzarliklarni aniqlash uchun jangovar zonada mustaqil tekshiruv o‘tkazish kerakligini, Amnesty International esa urushning dastlabki kunlarida tinch aholining ommaviy qurbon bo‘lishiga olib keladigan hujumlar urush jinoyati sifatida baholanishi kerakligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, genotsid faktini qonuniy asosda aniqlash uchun vaqt kerak va ayni paytda shartlar haqida bahslashish G‘azodagi tinch aholiga yordam bermaydi, deydi tadqiqotchilar.
Butun oilasi va yaqinlari HAMASda garovda bo‘lgan isroilliklar ham HAMASning harbiy qarorlarini tanqid qilmoqda. Garovga olinganlarning ko‘plab yaqinlari hukumat ularni uyga qaytarish uchun yetarlicha harakat qilmayapti, deb hisoblaydi. Asirlar oilalariga ko‘ra, hukumatni birinchi navbatda HAMASning yo‘q qilinishi emas, balki ularning taqdiri tashvishga solishi kerak.
Isroil armiyasi G‘azo ustiga varaqalar tashlab, odamlarni sulhga qaramay mojaro hududi bo‘lib qolayotgan anklav shimoliga qaytmaslikka chaqirgan. Hozircha G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish tartibi buzilgani haqida xabarlar kelib tushmagan.