Ot tepkisin ot ko‘tarar, tuya emas

Bugun taniqli shoir Ma’ruf Jalil tavallud topgan kun. U 1936 yil 10 oktyabrda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Payshanba shaharchasida tug‘ilgan.

«Men sizni sevardim», «Rahmat, odamlar», «Seni o‘ylab», «Notanish yo‘llar», «Qo‘shiq ishtiyoqi», «Men suv ichgan daryolar», «Parizodim», «Daryoni izlar shamol», «Baxtimga sen borsan» kabi she’riy kitoblari, «Bunyodkor qalb», «Orol madad so‘raydi» ocherk va publitsistik to‘plamlari chop etilgan.

1999 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.

Ma’ruf Jalil 2004 yil 14 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

***

MEN YO‘LINGGA KO‘Z TUTARMAN

Men yo‘lingga ko‘z tutarman, sen kutarsan o‘zgani,

Senga sodiq do‘st qani-yu, menga shahlo ko‘z qani,

Men sadoqat istagayman, sen esa shirin kalom,

Menga mehri jon qani-yu, Senga shirin so‘z qani?

Menda bor yulduz xayoli, sen-chi, sham parvonasi,

Senga bitta sham qani-yu, men uchun yulduz qani?

Dildagi pinhon sirimni hammaga aytar shamol,

Sir tutuvchi do‘st qani-yu, sir olar josus qani?

Shubhalar vayronasi ichra, turarman xasta lol

Qo‘lda bir shamshir qani-yu, dilda bir fonus qani?!

* * *

Qani mening sevinchlarim, g‘amlarim qani?

Zang bosmagan qilich kabi damlarim qani?

Zim-ziyo qalb go‘shasida do‘stlar sham edi,

Bugun yorug‘ qalb go‘shasi, shamlarim qani?

Mudom to‘kis hayotimda bo‘lar bir kamlik,

Ayting, kemtik hayotimda kamlarim qani?

Goh hijron, goh uchrashuvdan ko‘zlar bo‘lsa nam,

Uchrashuv bor, hijron boru namlarim qani?

Belga bog‘lab yurar edim belbog‘u xanjar,

Do‘ppim boshda, belbog‘ bilan xanjarim qani?

Ma’ruf, endi afsus qilma o‘tgan kunlarga,

Degil: «Qoshi qora, sochi anbarim qani?»

* * *

Tushlarimda suzaman Zarafshon daryosida,

O‘ngimda-chi, kuyaman ikki o‘t arosida.

Bir ko‘zlari cho‘lponning firoqida o‘rtanib,

Istiqbolni ko‘raman iztirob ziyosida.

Ul mening o‘ylarimni anglarmi yo anglamas,

Yetib borsa na bo‘lgay raqiblarim ijrosida.

«Uyg‘ot sarvinozimni, aytib unga rozimni»,

Xayolimni yo‘llayman subhidam sabosida.

Hayotimda yupanch yo‘q, yuragimda halovat,

Ma’ruf izlar baxtini muhabbat imlosida.

 

TOPMASANG NOMU NIShONIMNI

Topmasang nomu nishonimni saodat bog‘ida,

Tark etib yotgan bo‘lurman men uning tuprog‘ida.

Gar birov ko‘z yoshi to‘kib chorlasa shodliklarin,

Bilki, menman ashk bo‘lib turgan aning yonog‘ida.

Sayrasa bog‘ingda bulbul, sen anga duch kelmasang,

Anglag‘il, ruhim kelib yo‘kdar seni goh-gohida.

Gar birov baxt izlasayu, fitna to‘ssa yo‘lini,

Ayt anga, meni chaqirsin chorasizlik chog‘ida.

Oy, quyosh, yulduz kabi ming-ming umidim bor edi,

Senga baxsh etdim ularni, qolma g‘aflat dog‘ida.

Ey ko‘ngil, yoringni uyg‘ot, «toleing erkingda» deb,

Bo‘lmasa Ma’ruf, ketar boring zulm sirtmog‘ida.

SOTGANIM YO‘Q

Sotganim yo‘q vijdonimni, sotganim yo‘q,

Duch kelganga ta’na toshin otganim yo‘q.

Ot tepkisin ot ko‘tarar, tuya emas,

Shu sabab men tuyaga so‘z qotganim yo‘q.

Biror zotning yostig‘ini quritmadim,

Yo‘q, men bunday gunohlarga botganim yo‘q.

Halol ishda kun kechirdim, halol yashab

Nopok daraxt mevasini totganim yo‘q.

Yomon urug‘ ekkan bo‘lsam nosoz yerga,

Zinhor-zinhor yaxshi hosil kutganim yo‘q.

Nima bo‘lsa toleimdan ko‘rdim, ammo

E’tiqodim, seni pulga sotganim yo‘q.

Mening bitta Vatanim bor yer yuzida,

Undan go‘zal Vatan izlab chopganim yo‘q.