Televideniye faoliyatida uzilishlar bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda teledasturlarni efirga uzatish qurilmalarida yarim yillik profilaktika ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.

14 iyul kuni soat 01:00 dan 06:00 gacha (13 iyuldan 14 iyulga o‘tar kechasi) raqamli teledasturlarni shakllantirish qurilmalarida va soat 01:00 dan 10:00 gacha teleradio uzatkichlarda yarim yillik profilaktika o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu vaqtda Toshkent shahrida va respublika bo‘yicha raqamli teledasturlarni (MTRK teledasturlaridan tashqari) tarqatish vaqtincha to‘xtatiladi. Bunda Toshkent shahrida va bir qator viloyatlarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining teledasturlarini sifat pasayishi holatlari kuzatilishi mumkin.

«To‘xtalishlar kuzatilgan vaqtda abonent uskunasi (tyuner va televizor) sozlamalarini o‘zgartirish tavsiya etilmaydi», deyiladi vazirlik xabarida.