Energetik ichimliklar haqida nimalarni bilamiz?
Butun yer yuzida energetik ichimliklar iste’moli ko‘payib boryapti. Bu ichimliklar asosan kayfiyatni ko‘tarish, jismoniy faollik va sezgirlikni oshiruvchi vosita sifatida qabul qilinmoqda.
"Ammo bir qator davlatlarda bu ichimliklar iste’moliga cheklovlar bor, - deydi Samarqand davlat tibbiyot instituti kafedra mudirlari Nargiza Yusupova hamda Firdavs Oripov. - Jumladan, Fransiya, Daniya va Norvegiyada energetik ichimliklarning erkin sotilishi rasman taqiqlangan, faqat dorixonalarda mavjud. Rossiyaning Orenburg shahrida energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotish taqiqlangan.
Aslida energetik ichimliklar sog‘lik uchun zararli. Ma’lumotlarda bu ichimliklarning miya, yurak-qon tomir, buyrak, jigar kabi a’zolarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida fikrlar mavjud. Energetik ichimliklar ko‘pincha yengil, alkogolsiz bo‘lib, iste’molchiga energiya quyilish effektini beruvchi tarkibiy qismlardan tashkil topgan.
Har qanday energetik ichimlikning kuchli ta’sirga ega bo‘lgan tarkibiy qismi kofein hisoblanadi. Kofein organizmni energiya sarflashga safarbar qiluvchi psixotroplar toifasiga, o‘rganib qolishga olib keluvchi moddalar qatoriga kiradi. Bir banka kam alkogolli kokteyl 3-4 stakanga teng qahvadagi kofeinni o‘z ichiga oladi. Etanol bilan kofeinli ichimliklar iste’moli siydik haydovchi effektni ikki baravar oshiradi. Bu esa buyraklarning ko‘proq zo‘riqishiga, vaqt o‘tishi bilan buyrak kasalligining kelib chiqishiga olib keladi. Asab tizimida xotiraning sustlashishi va intellektual faollikning pasayishi kuzatiladi. Asta-sekin bu alomatlar kuchayib boradi.
Kofein oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Bu esa o‘z navbatida oshqozon-ichak faoliyatida yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Energetik ichimliklarning tarkibiy qismi bo‘lgan aksar moddalar organizmda to‘planishi saraton o‘smalarining rivojlanishiga olib kelishi aytilmoqda".
Oqibatda 2-3 yil davomida energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish jigarda yuzaga keladigan o‘zgarishlar o‘rtacha 20 yil spirtli ichimlik ichish bilan bog‘liq o‘zgarishlarga qaraganda ko‘proq bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu ichimliklar diabet rivojlanishiga, semizlik, talvasa, to‘satdan o‘lim kabi xavflarni keltirib chiqarish ehtimoli bor.