Toshkentdagi ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internatida maxsus jihozlangan innovatsion kompyuter markazi tashkil etildi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan "Ko‘ngil ko‘zi" loyihasi doirasida Toshkent shahar ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internatida maxsus jihozlangan innovatsion kompyuter markazi tashkil etildi. Bu haqda Agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xabar berdi.
Ushbu markaz ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun zamonaviy kommunikatsion bilimlarni egallash, butunjahon internet tarmog‘idan foydalanish ko‘nikmalarini uyg‘otish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Agentligimiz tomonidan taqdim etilgan kompyuterlar maktab o‘quvchilari imkoniyatlariga moslashtirilgan. Ya’ni, ekranda nutq interfeyslari orqali maxsus o‘qish dasturi yordamida matn bloklari, yorliq nomlari va menyu bandlari ovozli eshitiladi.
Bundan tashqari, ushbu kompyuterlardagi 300 dan ortiq audiomateriallar ko‘rish imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning kitobxonlik ko‘nikmalarining shakllanishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
“Bugun ana shu kompyuter markazining tantanali ochilish marosimini o‘tkazib, maxsus maktab-internati ixtiyoriga topshirdik. Sevimli adibimiz Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanining audio talqinini maktab fondiga sovg‘a qildik”, deb yozadi S.Mirziyoyeva.