Jamoat transporti: 2024 yil 1 yanvardan boshlab haydovchilardan kunlik tushum talab qilinmaydi, avtobuslar soat 6:00 da soat 20:00 gacha harakatlanadi

Viloyat "Matbuot uyi"da bo‘lib o‘tgan anjumanda viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i A.Ashurov Samarqandtda 2030 yilgacha jamoat transportida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Rossiyaning «Simetra» xorijiy korxonasi tomonidan Samarqand shahar transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan rejaga ko‘ra, 43 ta yangi avtobus yo‘nalishlari, jumladan 8 ta magistral va 35 ta yetkazib beruvchi yo‘nalishlarni tashkil etiladi.

- Bugungi kunda Xitoydan olib kelingan 100 ta avtobusning 75 tasi o‘nga yaqin yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda, - deydi Akobir Ashurov. – 2024 yil 1 yanvardan boshlab avtobus haydovchilaridan kunlik tushum talab qilinmaydi. Chunki ular brutto – shartnoma asosida ishlash tizimiga o‘tadi. Ya’ni, bosib o‘tilgan masofa va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatilgani uchun to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Endi jamoat transportlari erta tong soat 6:00 da yo‘nalishga chiqib, kech soat 20:00 gacha harakatlanib, so‘nggi yo‘lovchini ham o‘z manziliga yetkazib qo‘yishga majbur bo‘ladi. Avtokorxonalar tomonidan qilingan ortiqcha xarajatlar esa maxsus jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi. Hozirda deyarli barcha avtobuslarda to‘lovlar ATTO elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilyapti. Ularning harakatlari GPS trekerlari bilan nazorat qilib borilmoqda.

Shu paytgacha transport boshqarmasi qoshida faoliyat ko‘rsatgan maxsus trans nazoratchilar guruhi boshqarma ixtiyoridan alohida inspeksiya bo‘lib ajralib chiqdi. Endi ular mustaqil faoliyat yuritadi. Chiptasiz yo‘lovchilar avtobuslarga chiqarilmaydi, borligi aniqlansa jarima to‘lashadi. Haydovchilar ham chiptasiz yo‘lovchilarni olib yurgani uchun jarimaga tortilishi ko‘zda tutilgan.   

- Bugungi kunda viloyatimizda 15 mingdan ortiq yo‘nalishsiz taksilar harakatlanmoqda, - deydi boshqarma boshlig‘i. – Bir yil oldin noqonuniy kirakashlik qilib kelgan fuqarolar yo‘lovchi tashish bilan o‘zini o‘zi band qilish orqali daromad topish mumkin bo‘lgan mehnat turlari safiga kiritilgach, ularning soni ko‘payib ketdi. Endilikda avtokorxonalarda taksi haydovchilari tibbiy va texnik ko‘riklardan har kuni o‘tishi shart bo‘lgan bo‘lsa, litsenziya olgach, bir yilda bir marta o‘tishlari ham ularni bu sarsongarchilikdan ozod qildi. Biroq, viloyatimiz hududlarida 2-3 mingga yaqin noqonuniy kirakashlar ham faoliyat yuritmoqda. Yangi tashkil etilgan inspeksiya xodimlari ularni aniqlab, huquqbuzarliklarning oldini olishga harakat qiladi.

Anjumanda M-37 va A-378 Samarqand halqa yo‘li (Qarshi yo‘li) kesishmasida, M-37 Samarqand halqa yo‘li “Qunduzso‘fi” (Motrit aylanasi) mahallasida va M-39 Samarqand halqa yo‘li “Chumchuqli” mahallasi (Toyloq aylanmasi) hududida avtoboshbekat va avtoturargohlar qurish yuzasidan ham axborot berildi.

Matbuot anjumanida “Yashil shahar” loyihasi asosida YeTTB mablag‘lari hisobidan Samarqand shahriga 350 dona elektrobuslar olib kelinib, yo‘nalishlarga qo‘yilishi haqida ham ma’lumot berildi.

Dilmurod To‘xtayev,

H.Eltoyev.