Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi kuz-qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rdi?

Bu savolga “Kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasining chaqnashini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida javob izlandi.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Ahrorovning ta’kidlashicha, kuz-qish mavsumida aholining xavfsizligini ta’minlash, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda moddiy boyliklariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida haftaning har chorshanba va shanba kunlari profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlarga boshqarmaning 342 nafar xodimi jalb etilgan.

- Joriy yilning 11 oktyabriga qadar viloyatdagi 95 ta xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlarining barchasida va 1126 ta mahallaning 991 tasida mavsumga tayyorgarlik ishlari o‘rganildi, - deydi U.Ahrorov. – Natijada 2214 ta ko‘p xonadonli uylarning 1460 tasi tekshirildi va uylarning yong‘in-xavfsizlik qoidalariga javob bermaydigan 1264 ta chordoq va yerto‘lalarida muammo va kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, o‘rganishlar davomida 75 ming 51 ta aholi turarjoylari tekshirildi va 9728 ta kamchilik aniqlanib, 8997 tasi, ko‘p qavatli uylardagi 2541 ta muammodan 2358 tasi, shaxsiy aholi turarjoylaridagi 7367 ta kamchilikdan 6809 tasi yechimini topdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarashli 873 ta ob’yektda, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga qarashli 53 ta, sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli 360 ta muassasada yong‘in-texnik tekshiruvlari o‘tkazilib, yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, muammo va kamchiliklar yechimi yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlat tasarrufidagi ob’yektlarda kuz-qish mavsumi davomida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida xavfsizlik qoidalarini buzgan 169 nafar shaxs 31 million so‘m miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortildi. Yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 795 ta foydalanish taqiqlangan nosoz elektr moslama va agregatlar uzib qo‘yildi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.