O‘quv mashqlari: “Jabrlanganlar”ga tibbiy yordam ko‘rsatildi

Yong‘inlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida yurtimizda joriy yilning 15 noyabridan 15 dekabriga qadar «Yong‘in xavfsizligi oyligi» o‘tkazilmoqda.

Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Vatanparvar mahallasida shahar favqulolla vaziyatlar bo‘limining qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi. Unda shahar tibbiyot birlashmasi qoshidagi birinchi tibbiy yordam otryadining yoyish va ko‘p sonli jabrlanganlarni qabul qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich amaliy harakatlari namoyish etildi.

O‘quv mashqi g‘oyasiga ko‘ra, yong‘in oqibatlari, shuningdek, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda ko‘p sonli shikastlangan va jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va davolash amaliyotlari amaliy tarzda bajarildi.

Shu o‘rinda «Yong‘in xavfsizligi oyligi» doirasida bo‘limimiz tomonidan aholi turar joylari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ob’yektlarida profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotganligi haqida ham ma’lumot berib o‘tmoqchiman. Tadbir boshidan buyon «Hududgazta’minot» AJ, uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda pech va dudburonlarga xizmat ko‘rsatishga ihtisoslashgan tashkilotlar mutaxassis (usta)laridan iborat tashkil etilgan 350 ta ta’mirlash-tiklash otryadlari tomonidan turarjoylarda tekshiruvlar o‘tkazildi. Unda aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Aholiga isitish pechlari va gaz moslamalaridan foydalanish qoidalari, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolarni is gazidan zaharlanishi va boshqa noxush holatlarni oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadida 2024 yil  kuz-qish mavsumi uchun 15 turda ishlab chiqilgan 120 mingta eslatma, yo‘riqnoma va plakatlar tarqatildi.

Jasur Lapasov,

Samarqand shahar FVB inspektori, kapitan.