"Qalqon" "Yosh qutqaruvchilar" musobaqasida yana g‘olib
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in-qutqaruv qismi sport o‘yingohida “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar klubi jamoalari o‘rtasidagi sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi umumta’lim maktablaridan 16 ta jamoa fuqaro muhofazasi va hayot xavfsizligi asoslari bo‘yicha savol-javob, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shartli daryodan arqon yordamida o‘tish, yong‘inni o‘chirish estafetasi singari shartlar bo‘yicha bellashdi.
Toyloq tumanidagi 17-umumta’lim maktabining “Qalqon” jamoasi umumjamoa hisobida eng yaxshi natijani ko‘rsatib, musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Jamoa o‘tgan yili ham viloyatda birinchi o‘rinni egallagan edi.
Ikkinchi o‘rin Paxtachi tumanidagi 17-umumta’lim maktabining “Qutqaruvchilar” jamoasi, uchinchi o‘rin esa Samarqand shahridagi 51-umumta’lim maktabining “Yosh qutqaruvchi” jamoasiga nasib etdi.
Musobaqa g‘oliblari va nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.