Rossiyada yana dronlar hujumi: bu safar ham aeroportlar yopilgan

Dronlar Rossiyaning Pskov aeroportiga hujum qilgan. Yirik yong‘in kelib chiqib, Il-76 samolyotlari shikastlangan, ayrim havo hududlari yopilgan.

30 avgustga o‘tar kechasi Pskov xalqaro aeroporti “Xochlar” (Ukrainadan 700 kilometr)ga dronlar tomonidan hujum qilindi, deya xabar berdi Pskov viloyati gubernatori Mixail Vedernikov. Unga ko‘ra, Rossiya harbiylari dron hujumini qaytarmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q. Vayronagarchilik ko‘lami aniqlanmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aeroportga hujum chog‘ida to‘rtta Il-76 harbiy-transport samolyoti shikastlangan, deb yozadi “TASS” favqulodda xizmatlarga tayanib. Dronlardan biri aeroport hududidagi yonilg‘i quyish majmuasiga kelib urilgan, shundan so‘ng katta yong‘in boshlangan. Yarim tunda yong‘in o‘chirilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Yana bir manbaga ko‘ra, hujum nishoni 2022 yilda Buchani bosib olishda ishtirok etgan 104-havo desantchi-hujumchi polki joylashgan Cherexinskiy harbiy bazasi bo‘lishi ham mumkin. Ushbu baza ham yuqoridagi aeroport yaqinida.

OAVga ko‘ra, Domodedovo va Vnukovo aeroportlarida, shuningdek, Serpuxov va Ryazan aeroportlarida ham “Kover” rejimi joriy etilgan. Ushbu aeroportlar vaqtincha reyslarni qabul qilmaydi yoki jo‘natmaydi.