Tabiiy yong‘inlar Yevropada o‘n minglab gektar o‘rmonlarni yo‘q qildi

Yevropaning bir qator davlatlarida jazirama issiq va kuchli shamollar tufayli yirik o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lmoqda.

Yong‘inlar minglab gektar o‘rmonlarni kulga aylantirib, aholi punktlari va qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarga xavf solmoqda.

Portugaliyada yong‘in eng og‘ir vaziyatni yuzaga keltirdi. Mamlakat shimolida alanga 11 ming gektardan ziyod o‘rmon va o‘simlik qoplamini yoqib yubordi.

Ispaniyada yong‘inlar Kataloniyaning Jirona viloyati hamda Gavarr tog‘ tizmasi atrofida tarqalmoqda. Kuchli shamol va yuqori harorat tufayli alanganing yangi hududlarga yoyilish xavfi bor.

Gretsiyada ham vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Kuchli shamol yong‘inlarning tez tarqalishiga sabab bo‘lgani uchun ayrim aholi punktlari aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan.