Cho‘llanishga qarshi kurashish masalalari Samarqandda muhokama etilmoqda

Samarqand shahridagi Kongress markazida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi (CRIC21) boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sessiya qatnashchilariga murojaatini Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva o‘qib eshitirdi.

Shuningdek, forum ishtirokchilariga BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish ham murojaat yo‘lladi.

17 noyabrga qadar davom etadigan tadbirda Konvensiyaning strategik maqsadlariga erishish yo‘lidagi natijalarni muhokama qilish uchun 196 ta mamlakatdan va Yevropa Ittifoqi, fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralardan 500 ga yaqin vakillari yig‘ilgan. Ushbu yig‘ilish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyasi tashkil etilganidan beri eng muhim yig‘ilishlardan biri bo‘lib, Markaziy Osiyoda ilk bora o‘tkazilmoqda.