Xalq ishonchini ta’minlashning muhim mezoni

Viloyat hokimi A.Boboyev ishtirokida aholi murojaatlari va ularda ko‘rsatilgan muammolarni hal etish borasida olib borilayotgan ishlar natijadorligi bo‘yicha brifing o‘tkazildi.

Qayd qilinganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 13 mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar hamda “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon bilan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish borasida viloyatimizda bir qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil etish bo‘yicha viloyat shtabi tuzildi hamda uning tarkibiga 29 nafar mas’ul biriktirilgan. Barcha tuman va shaharlarda aholi murojaatlarini tahlil qilish va manzilli hal etish yo‘lga qo‘yilib, oyma-oy amalga oshiriladigan harakatlar rejalari ishlab chiqilgan.

Tahlillarga ko‘ra, aholi muammolarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ayrim idora va tashkilotlar, shahar va tumanlar rahbarlarining sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani kuzatilmoqda. Masalan, ba’zi boshqarma va idoralar, hokimliklar tomonidan murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayapti, byurokratiya va sansalorlikka yo‘l qo‘yilib, muammolar hal etilmayapti. Oqibatda o‘z joyida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar yuqori idoralargacha ko‘tarilmoqda, takroriy murojaatlar ko‘paymoqda.

Joriy yil 27 iyun kuniga qadar Virtual va Xalq qabulxonalariga viloyat aholisidan 39,2 mingta murojaat tushgan va bu raqam o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga kamaygan. Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Samarqand shahri (6168 ta), Past Darg‘om (4328 ta), Urgut (3689 ta), Payariq (2920 ta), Kattaqo‘rg‘on (2687 ta), Narpay (2616 ta), Paxtachi (2575 ta) va Ishtixon (2511 ta) tumanlaridan tushgan.

Murojaatlarda moddiy yordam va nafaqa ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, elektr va gaz ta’minoti, bandlik va ishga joylashtirish, qurilish, aliment va qarz undirish, ichki yo‘llarini ta’mirlash, ichki ishlar, bank tizimiga doir masalalar ko‘p uchramoqda.

- Shu o‘rinda murojaatlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘layotgan muhim bir jihatga to‘xtalmoqchiman, - dedi A.Boboyev. - Ommaviy sayyor qabullarda, shuningdek, elektron tarzda doimiy arizalar yo‘llovchi “navbatchi murojaatchilar” ham bor. Tegishli tashkilotlar va sud organlari tomonidan bir necha bor ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, ular muntazam murojaat qilib kelmoqda. Bu esa takroriy murojaatlar sonining ortishiga sabab bo‘lyapti.

Albatta, yuqoridagilarning barchasi kelgusida murojaatlar bilan ishlashda aynan nimalarga e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shu jihatdan, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini inobatga olgan holda, ularning o‘z vaqtida va sifatli hal etilishini ta’minlash eng muhim va ustuvor vazifa bo‘lib qolaveradi.

Bundan tashqari, takroriy murojaatlarning oldini olish maqsadida tizimli muammolarni tubdan hal qilish choralari ko‘riladi. O‘z navbatida murojaatlar bilan ishlash jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlari keng joriy etiladi.

Brifingda qayd qilinganidek, aholi murojaatlari bilan ishlash bu nafaqat davlat organlarining vazifasi, balki xalq ishonchini ta’minlashning eng muhim mezonidir. Shu bois har bir rahbar va mas’ul xodim ushbu yo‘nalishda shaxsiy javobgarlikni chuqur his etgan holda faoliyat yuritishi lozim bo‘ladi.

Yoqubjon Marqayev.