Jomboyda Muhammad Yusuf she’riyati ixlosmandlari ko‘p
Jomboy tumanida Muhammad Yusuf nomidagi xalqaro fond rahbari, “Oltin qalam” gazetasi bosh muharriri Nazira as-Salom bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida 1 iyun – Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tgan bir yil mobaynida xalqaro va respublika miqyosidagi sport musobaqalarida eng yuqori natijaga erishgan o‘quvchi-yoshlar tuman hokimligining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shundan so‘ng tadbirning asosiy qismi tuman axborot-kutubxona markazining faollar zaliga ko‘chdi. Bu yerga tumandagi mavjud barcha umumta’lim maktablarining ma’naviy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchilari, “Jomboy tongi” gazetasi qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan “Umid” klubi a’zolari, ijodkor yoshlar, Muhammad Yusuf ijodi muxlislari va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.
Uchrashuvda tuman hokimi Qayum Sobirov tumanda madaniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ishlar, yosh ijodkorlarga berilayotgan e’tibor haqida gapirdi. So‘ngra O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning rafiqasi Nazira as-Salom shoir bilan birga kechgan umr yo‘llari, yurtimiz va xorijiy davlatlarda M.Yusuf ijodiga bo‘lgan qiziqish haqida aytib berdi.
Shundan so‘ng yoshlar, ijodkorlar shoir she’rlaridan namunalar o‘qidi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
Dilbar Rustamova.