Payariq va Jomboy tumanida uchta mahalla yangi binolarga ega bo‘ldi

Payariq tumanidagi Ko‘paki, Do‘stlik hamda Jomboy tumanidagi No‘sh  mahallalarining yangi binolari foydalanishga topshirildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, Ko‘paki va Do‘stlik mahallalari binosi ushbu hududda yashovchi tadbirkor va faol fuqarolar ko‘magida, hashar yo‘li bilan barpo qilindi.

Jomboy tumanidagi No‘sh mahallasi binosi esa Open byudjet loyihasi mablag‘i hisobiga qurildi. Mahalla ahli loyihaning birinchi mavsumida ishtirok etib, 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ qo‘lga kiritgan edi. Natijada ushbu mablag‘ hisobidan hududda “Nuroniylar choyxonasi”, “Yoshlar guzari” hamda mahalla binosi bunyod etildi.

Yangi ob’yektlarning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov, tuman hokimlari Sh.Xudoyberdiyev, Xurshid Nazarov hamda mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida qurilish jarayonida faol ishtirok etib, fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, mazkur inshootlarda aholi, nuroniylar hamda mahalla “yettiligi” vakillari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani alohida ta’kidlandi.