Ombudsmanning hududiy vakili qanday masalalarni hal qiladi?
- Ombudsmanga muammom masalasida murojaat qilmoqchi edim. Uning mintaqaviy vakillari ham bor deyishdi. Vakillarning hududlardagi asosiy vazifalari nimalardan iborat? Shuni bilmoqchi edim.
D.Jo‘rayeva,
Ishtixon tumani.
Savolga Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov javob berdi.
- Prezidentimizning 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarini asosiy 5 ta yo‘nalishdagi vazifalari alohida belgilab berilgan.
Ushbu vazifalarga:
- hududlarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash, inson huquqlari monitoringini tashkil etish va o‘tkazish;
- fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashish;
- o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga ko‘ra, murojaatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida ko‘rib chiqishni tashkil qilish;
- ushlab turilgan, qamoqqa olingan, ma’muriy jazo o‘tayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish;
- inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish sohasidagi axborot-ma’rifiy ishlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda amalga oshirish kiradi.
Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahrida 7-sonli tergov hibsxonasi va 2 ta hududda manzil koloniyalari mavjud bo‘lib, ushbu koloniyalarda Ombudsman qutilari tashkil etilgan. Ushbu qutilarga maxbuslar tomonidan istalgan vaqtda murojaatlar tashlanishi mumkin. Bu yerda har oy kamida bir marotaba monitoringlar o‘tkaziladi hamda ushbu Ombudsman qutilaridagi murojaatlar o‘rganilib, mahbuslarga qonunda belgilangan tartibda yordamlar beriladi.