Xalqaro forumning xorijlik ishtirokchilari Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakilligi ishlari bilan tanishdi
Qozog‘iston vakili Samarqandda amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berib, fuqarolar va tadbirkorlar murojaat qilishi uchun qulay sharoit yaratilganini e’tirof etdi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 27-30 iyun kunlari Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I forumi bo‘lib o‘tdi. Mintaqa davlatlari vakillari hamda “Xalqaro qamoqxonalar islohoti” tashkilotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi Mintaqaviy dasturi menejeri ishtirok etgan tadbir qatnashchilari 29 iyun kuni ko‘hna kentimizga tashrif buyurdi.
Poytaxtdan tezyurar poyezdda yetib kelgan forum xorijiy ishtirokchilarining delegatsiyasi viloyatda Ombudsmanning mintaqaviy vakili faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar Prezidentning Xalq qabulxonasi hamda Biznes-ombudsman tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham qiziqdi.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning viloyat bo‘yicha mintaqaviy vakilga joriy yilning 1-choragida 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Xususan, viloyatimizdan tashqari, Andijon, Namangan va Qashqadaryo, shu bilan birga Qirg‘iziston Respublikasi fuqaro yo‘llagan murojaatlarning 4 tasi mahkumlarni boshqa manzil-koloniyaga ko‘chirish, yana shunchasi yer va bino inshootlar ajratish yuzasidan bo‘lgan.
Shuningdek, mansabdor shaxslarning xatti-xarakatlaridan noroziligi haqida 5 ta, sud va huquq masalalarida 7 ta murojaat o‘rganilgan. O‘rganish natijalari bo‘yicha tegishli ta’sir hamda boshqa qonuniy choralar ko‘rilgan.
Bundan tashqari, viloyatdagi 38 va 37-sonli manzil-koloniyalar hamda 7-sonli tergov hibsxonasida monitoring o‘rganishlar o‘tkazilgan. Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, ma’muriy jazo o‘tayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarini aniqlash va ularning oldini olish yuzasidan yakka tartibdagi suhbatlar uyushtirilgan.
Asosiysi, 600 ga yaqin mahkumlar uchun tibbiy ko‘riklar tashkil qilinib, “Inson qadri uchun” shiori shunchaki rasmiy jumla emasligi amalda namoyish qilingan.
Tanishuv davomida xorijlik mehmonlar O‘zbekiston tajribasi bilan tanishish foydali bo‘lganini ta’kidlashdi.
- Davlat rahbarining tashabbusi va tegishli farmon bilan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari doimiy asosda ishlaydigan bo‘lgani va ularning asosiy vazifalari belgilanganini e’tirof etish mumkin, - deydi Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Elvira Azimova. – Rosti bizda hali bunday amaliyot yo‘lga qo‘yilmagan.
Samarqandda vakil faoliyati bilan tanishish davomida fuqaro shaxsiy masalasi yoki tadbirkorlik faoliyati yuzasidan murojaat qilishda ovora bo‘lmasligi ta’minlagani yana bir e’tiborli holat ekaniga gavoh bo‘ldim.
Mehmonlar kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahrining tarixiy hamda diqqatga sazovor joylarini tomosha qilib, viloyat hokimligining rasmiy qabulida bo‘ldi.
Diyor Husanov,
Ombudsmanning viloyatdagi mintaqaviy vakili.