Kasaba uyushmalari Ombudsman bilan hamkorlikda ishlaydi

Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi va Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) viloyat mintaqaviy vakili o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadbirda har ikki tashkilotning asosiy maqsad va vazifalari fuqarolar, shu jumladan, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat ekanligi, shunga ko‘ra, hamkorlik memorandumining imzolanishi asosiy maqsad va vazifalar ijrosini yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.

– Bizga jismoniy shaxslar buzilgan huquqlarini tiklashda yordam so‘rab murojaat qiladi, – dedi Ombudsmanning viloyatdagi vakili D.Husanov. – Kasaba uyushmalariga ham ayni shunday. Faqat bu tashkilotga muayyan mehnat jamoasida ishlaydigan fuqaro murojaatchi bo‘ladi.

Ko‘rinib turibdiki, har ikki tashkilot ham fuqarolar huquqlarini tiklanishi uchun birdek mas’ul. Shu bois biz faoliyatimizni hamkorlikda yo‘lga qo‘yish orqali mavjud muammolarga birgalikda yechim topish, o‘z navbatida profilaktik tadbirlar o‘tkazishga kelishib oldik. Bugun imzolangan memorandumda ayni shu masalalar rasman mustahkamlab qo‘yildi.

Baxtiyor Mustanov.