Samarqand xalqaro turistik markazi yaqinida ma’danli suv chiqdi

Bu yerda sanatoriy qurish taklif etilmoqda.

Samarqand viloyatida bugungi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli  bitta sanatoriy, 12 ta bolalar oromgohi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqin yillarda ularning sonini yanada oshirish, mavjudlarida zamon talablariga mos shart-sharoit yaratish ko‘zda tutilgan. Bu borada dastlabki harakatlar ham amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2021 yilda Federatsiya tomonidan Nurobod tumani Nurbuloq mahallasidagi “Abu Ali ibn Sino” sanatoriysining 100 o‘rinli qo‘shimcha yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirilgan edi.

– Sanatoriymiz rodonli suv orqali harakat-tayanch a’zolari, kardiologik, nevrologik xastaliklarni davolashga mo‘ljallangan, – deydi “Abu Ali ibn Sino sanatoriysi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nodir Kamolov. – 730 metr chuqurlikdan shifobaxsh suv chiqqanligi sababli o‘tgan asrning 90-yillarida mazkur maskan tashkil etilgan. Ayni paytda hududda xususiy va turli tashkilotlarga qarashli 30 ga yaqin katta-kichik sihatgoh bor. Ammo baribir asosiy sanatoriyga kelib dam olishni istovchilar ko‘p. Ana shu talab va ehtiyoj hisobga olinib, qolaversa, dam oluvchilarga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida 2021 yilda 100 o‘rinli yangi korpus qurildi. Besh qavatdan iborat binoda 54 ta oddiy va lyuks xonalar bilan birga muolaja xonalari, oshxona mavjud. Dam oluvchilar binodan chiqmagan holda muolaja olishlari, ovqatlanishlari va o‘z xonalarida hordiq chiqarishlari mumkin. Avvallari qish paytlarida sanatoriymizga keluvchilar keskin kamayib ketardi. Keyingi uch yildan buyon qishda ham o‘rinlar bandligi 60-65 foizdan kam bo‘lmayapti. Birgina o‘tgan yil 7 ming 800 nafar dam oluvchi hordiq chiqargan bo‘lsa, bu yil boshidan buyon 5,5 ming kishi kelib, salomatligini tikladi. Hatto Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlardan dam oluvchilar kelmoqda. Bu, albatta, yaratilgan sharoit va qo‘shimcha qulayliklar tufaylidir.

Sanatoriyda keyingi yillarda toza ichimlik suv masalasi ham muammo bo‘lgan. 2021 yilda yangi bino qurilishi bilan birga 11 kilometr masofadan toza ichimlik suv tarmog‘i tortilib, bu muammo ham bartaraf etildi. Dam oluvchilar sonining oshishi va daromad ko‘payishi natijasida muassasaning eski binolari ham bosqichma-bosqich ta’mirlanib, zamon talablariga mos sharoit yaratilmoqda.

Nodir Kamolovning ta’kidlashicha, o‘tgan yil 660 million so‘m sof foyda hisobidan birinchi bo‘lim ta’mirlanib, jihozlangan bo‘lsa, bu yil davolash bo‘limini kengaytirish va ikkinchi bo‘limni ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Samarqand viloyati kengashining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda viloyatdagi korxona va tashkilotlar, muassasalarning kasaba uyushmalari a’zosi bo‘lgan ishchi-xodimlari va ularning oila a’zolarining sanatoriylarda dam olishlari uchun yiliga 6 mingdan ortiq yo‘llanma ajratilmoqda. Lekin talab bundan ikki-uch barobar yuqori bo‘layotgani aytilmoqda.

– Aholi turmush darajasining o‘sishi, xalqimizning o‘z salomatligiga e’tibori oshib borishi tufayli keyingi yillarda sanatoriylarda dam olish istagidagi yurtdoshlarimiz safi kengaymoqda, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – Uzoqqa bormaylik, bundan sakkiz yil oldin, 2016 yilda viloyatimizga yurtimizdagi sanatoriylar uchun 2400 ta yo‘llanma ajratilgan ekan. Bu yil esa bu raqam 6200 tani tashkil etmoqda. Yilning 7 oyida 2800 nafardan ortiq ishchi-xodim va ularning oila a’zolari yo‘llanma asosida sanatoriylarda dam olib, salomatligini tikladi. Jumladan, 126 nafar urush va mehnat faxriylari, imtiyozli toifaga mansub aholi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar vakillari bepul yo‘llanma asosida dam olishi ta’minlandi. Albatta, xalqimizning maroqli hordiq chiqarishi, salomatligini tiklashi uchun yurtimizda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida Federatsiyamiz tomonidan har yili so‘lim tabiat maskanlari, tog‘li hududlarda zamonaviy sanatoriy va bolalar oromgohlari bunyod etilmoqda. Viloyatimizda ham 2021 yilda 56 milliard so‘m mablag‘ evaziga “Abu Ali ibn Sino” sanatoriysining yangi binosi qurilgan edi. Bu yil esa Kattaqo‘rg‘on tumanidagi sobiq "Ibn Sino" bolalar oromgohi negizida 360 o‘rinli, zamonaviy shart-sharoitga ega oromgoh bunyod etilmoqda. E’tiborlisi, bu yerda viloyatimiz ishchi-xodimlarining farzandlari nafaqat yoz oylarida, balki yilning barcha faslida dam olishlari uchun imkoniyat yaratilmoqda. Biz kelgusida viloyatimizda sanatoriy va bolalar oromgohlarini ko‘paytirish maqsadida bir qator takliflarni bildirganmiz va ushbu takliflar asosida loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Xususan, bundan ikki yil oldin tashkil etilgan Samarqand xalqaro turistik markazi atrofida qurilish ishlari jarayonida ma’danli suv topildi. Bu suvning xususiyatlari o‘rganilganda, inson organizmi uchun foydali va bir qator xastaliklarni davolashi aniqlandi. Shu bois ana shu yerda sanatoriy qurish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarining tog‘li hududlarida ham ikkita sanatoriy, Samarqand tumanida yopiq suv sport saroyi qurish taklifini berganmiz. Bu loyihalar ham amalga oshsa, viloyatimiz aholisining so‘lim go‘shalarda dam olib, salomatligini tiklashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar kengayadi.

G‘.Hasanov,

H.Eltoyev (foto).