Kasaba uyushmalar tashkiloti xotin-qizlar manfaatini qanday himoya qilyapti?
Viloyat Matbuot uyida xotin-qizlarni ichki turizmga jalb etish borasida kasaba uyushmalari tomonidan olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, kasaba uyushmalari tizimida turizmni rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling!” dasturi doirasida shu yil boshidan 13 ming nafardan ko‘proq ishchi-xodim va ularning oila a’zolarining o‘z hududlaridagi diqqatga sazovor qadamjolar hamda tarixiy shaharlarga sayohati tashkil etilgan. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida ichki turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida joriy yilning yanvar-may oylarida ming nafardan ziyod ishchi-xodim va ularning oila a’zolari Xorazm viloyatiga 3 kunlik, Toshkent shahriga 2 kunlik bepul sayohatga borib kelgan. Yil yakuniga qadar yuqoridagi ikki manzilga yana ming nafardan ko‘proq ishchi-xodimlar uchun sayohat uyushtirish rejalashtirilgan.
- Xotin-qizlar masalasi va ularning haq-huquqlarini himoya qilish, har tomonlama moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kasaba uyushmalari tizimining doimiy diqqat markazida, - deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – Shu boisdan ham Kengashimiz tomonidan shu yilda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyatimizning tuman va shaharlaridagi, olis va chekka qishloqlarda yashovchi turli sohalarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 800 nafar xotin-qiz uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi asosida Samarqand shahri bo‘ylab ziyorat sayohati hamda “Muqaddas ayol” nomli madaniy tadbir tashkil etildi.
Anjuman davomida viloyatimizda “Ayollar daftari”ning 5-bosqich tizimi bo‘yicha kasaba uyushmalari tomonidan joylarda jamoatchilik nazorati olib borilayotganiligi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Jumladan, 2024 yilda “Ayollar daftari”ga ijtimoiy ximoyaga muxtoj 104 ming nafardan ortiq xotin-qizlar kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda 60 ming nafarga yaqin xotin-qizga tegishli tashkilotlar tomonidan amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar ajratildi. Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlarga moddiy yordamlar berildi. Shuningdek, 28 nafar xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlanib, 211 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning ijara kompensatsiyalari to‘lab berildi. Joylarda o‘tkazilayotgan xatlovlar natijasida ko‘plab xotin-qizlarning bandligi ta’minlanib borayotgani ta’kidlandi.
Matbuot anjumani davomida mutaxassislar gender audit masalasiga ham to‘xtalib, yil boshidan buyon moliya, transport sohalarida faoliyat olib borayotigan xotin-qizlarga berilayotgan imtiyozlarning amalda bajarilishi o‘rganilgani aytib o‘tildi. Shuningdek, tibbiyot va ta’lim sohalari o‘rganilganda ko‘p hollarda tug‘ruq ta’tilidan qaytganda o‘z ishiga joylashishdagi muammolar kuzatilgani, bu kabi holatlar ijobiy yechim topgani aytib o‘tildi. Jurnalistlar savoliga mutaxassislar javob qaytarir ekan, bugungi kundagi eng dolzarb masala yakka tartibdagi tarbirkorlarda ishlayotgan xotin-qizlar manfaati va ularning ijtimoy qo‘llab-quvvatlanishi borasidagi yoki aksincha, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga barham berish, bu to‘g‘risida matbuotga doimiy ma’lumot berib borish, u orqali boshqa tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadiganlarga namuna yoki ogohlantirish bo‘lishi ta’kidlandi.
Anjuman yakunida yaqin kunlarda kasaba uyushmasi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar hamda OAV vakillari ishtirokida Nurota tumaniga sayohat uyushtirilishi ma’lum qilindi.
Husan Eltoyev.