Ko‘zoynak taquvchi bolalar sonining ortayotgani sababi nimada?

E’tibor berganmisiz, bugun maktabda o‘qiyotgan bolalarning aksariyati ko‘zoynak taqyapti. Bir paytlar yoshi ulug‘ ziyolilar ramzi sanalgan ko‘zoynak endi o‘quvchilarning yuzida yarashiqsiz niqobdek turibdi. Bu bugungi hayot tarzimizning og‘riqli oqibati. Chunki hozirgi bolalar yostiqqa yonboshlab kitob o‘qiydi, partada bukchayib o‘tiradi, daftarini ko‘ziga yaqin qilib dars tayyorlaydi. Yorug‘lik masalasiga ham ko‘p hollarda e’tibor bermaymiz. Tabiiyki, bunday odatlar ko‘zni qiynaydi, mushaklarni zo‘riqtiradi va asta-sekin ko‘zning tabiiy kuchini so‘ndiradi.

Ikkinchidan, yoshlarning ko‘pchiligi kuniga besh-olti soat vaqtini ekran qarshisida o‘tkazyapti. Ular kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, sayr  qilish o‘rniga ko‘z nurini oluvchi telefon ekranlari zanjiriga qul bo‘lmoqda. Hatto telefonga mukkasidan ketgan bola ko‘zi charchayotganini ham bilmayapti.

Uchinchidan, sog‘lom turmush tarzidan uzoqlashib ketyapmiz. Yoshlar ko‘chada to‘p tepishdan ko‘ra, virtual o‘yinlarda “yugurish”ni afzal bilyapti. Kitob varaqlashdan ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab “sayr qilish”ni yaxshi ko‘ryapti. Oqibatda nafaqat ko‘z, balki butun tananing quvvati o‘lyapti.

Bu kabi zararli odatlarga barham berish uchun avvalo, bolada dars qilish madaniyatini shakllantirish zarur. Ularga albatta, kitobni to‘g‘ri masofada ushlash, partada to‘g‘ri o‘tirishni o‘rgatish kerak. Har bir darsdan so‘ng 5–10 daqiqalik ko‘z mashqlarini bajarish juda foydali. Telefon va kompyuterlardan foydalanish vaqtini keskin kamaytirish shart. “20-20-20” qoidasini joriy qilish mumkin. Ya’ni, har 20 daqiqada 20 soniya davomida 20 metr uzoqqa qarash. Bu oddiy mashq ko‘z mushaklarini dam oldiradi.

Yana bir yechim, faol hayot tarzini qayta tiklash lozim. Yoshlar kamida bir soat vaqtini ochiq havoda o‘tkazishi, sport bilan shug‘ullanishi kerak. Sabzavot, ko‘kat, baliq, yong‘oq kabi ko‘zga foydali mahsulotlarni iste’mol qilishni odat qilish zarur. Maktablarda ko‘z salomatligini tekshiruvchi tadbirlar o‘tkazish, ota-onalar esa farzandlarining dars qilish odatlarini kuzatishi maqsadga muvofiq.

Xo‘sh, yoshlarni bu zamonaviy texnologiyalardan mahrum qilmasdan turib, ularning ko‘zini qanday asray olishimiz mumkin? Javob oddiy: texnologiyadan foydalansak-da, unga qul bo‘lib qolmasakkina farzandlarimizga yorug‘ nigoh, tiniq qarash va sog‘lom hayot tuhfa eta olamiz.

Nigora AZZAMOVA,

SamDChTI katta o‘qituvchisi.