Oiladagi gap uyga sig‘may qoldi

Ilgari oiladagi gap-so‘zlarni sir saqlardik. Qaysidir xonadonda kelishmovchilik bo‘lsa, hatto, qo‘shnisining eshitgani ham uyat hisoblanardi. Muammolar ko‘p borsa, yaqin qarindoshlar, mahalla oqsoqollari yoki ko‘pni ko‘rgan nuroniylar maslahati bilan hal etilardi.
Afsuski, keyingi paytlar bu qadriyat yo‘qolib boryapti. Shaxsiy munosabatlar, oilaviy nizo va kelishmovchiliklar ijtimoiy tarmoqlarda ochiqchasiga muhokama qilinyapti.
Misol uchun, yaqinda bir ayol internetdagi sahifasida turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi ekanini yozdi:
- Erim usta. Ikki nafar farzandimiz bor. Kattasi bog‘chaga boradi, kichigi yaqinda tug‘ildi. Turmush o‘rtog‘imning topgani ro‘zg‘ordan ortmayapti. Buning ustiga har kuni ichib keladi. Bunaqa hayot jonimga tegdi, ajrashmoqchiman. Qanday maslahat berasiz?..
Bu gaplarni o‘qib, internetga muammoni ko‘tarib chiqqan ayolning farosatiga “tasanno” aytasan, kishi. Yozilgan izohlar, berilgan “maslahatlar” kishini hayratga soladi. Ayrimlar ayolni ajrashishga undasa, boshqalar qattiq haqorat qiladi. Ijtimoiy tarmoqda bunday misollarni yuzlab uchratish mumkin.
Savol tug‘iladi. Oilaviy muammoni internet orqali, begona kishilarning fikri bilan hal qilish qanchalik to‘g‘ri? Bunday masalani ijtimoiy tarmoqqa olib chiqish – shaxsiy hayotni “auksion”ga qo‘yish bilan barobar emasmi?
Psixologlarning fikriga ko‘ra, shaxsiy hayotdagi muammo va kamchiliklarni ommaga namoyish qilish sharmandalik, haqoratlanish va ruhiy bosimga olib keladi. Ayniqsa, begona odamlarning maslahati oilada ziddiyatni, farzandlarda nafratni kuchaytiradi.
Shunday ekan, oilaviy nizolarni dastlab yaqin qarindoshlar, mahalla faollari va nuroniylar bilan maslahatlashib hal qilish, agar muammo jiddiy bo‘lsa, psixolog yoki boshqa mutaxassislar yordamida yechish maqsadga muvofiq.
Shov-shuvga o‘ch bo‘lib boryapmiz
Axborot iste’molida muvozanat yo‘q. Jamiyatimizda ko‘proq yoqimli va shov-shuvli mavzularga qiziqish kuchayib, ilm-ma’rifat, tarbiya, madaniyat quyi darajaga tushib qoldi. Bu esa ma’naviy qashshoqlik va turli yot g‘oyalarga ochiqlikni kuchaytiradi.
Ayniqsa, biror mashhur kishining shaxsiy hayoti, aytgan gapi, bahsli va shubhali xatti-harakati ham keng muhokamaga sabab bo‘ladi. Ba’zida hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan videolavhalar millionlab ko‘riladi, tarqatiladi, yuz minglab izohlar bildiriladi.
Biroq shuncha e’tibor bilan ilm-ma’rifat, kitobxonlik, tarbiya, madaniyat haqida gapirilsa ham qiziqish kam, muhokama, targ‘ibot deyarli yo‘q.
Masalan, yaqinda kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirga ko‘pi bilan 50 kishi keldi, odamlarning aksariyati rasmiylar va shu soha vakillari edi. Lekin shahar markazidagi bir xonandaning konserti va kiygan kiyimi haqidagi videolavhani millionlab odam ko‘rdi.
Jamiyatning shov-shuvga o‘chligi – axborot iste’moli madaniyatining yetishmasligidan kelib chiqmoqda. O‘ylashimcha, ma’naviy-ma’rifiy sohani yoshlarga qiziqarli zamonaviy formatda (fleshmob, kreativ videoroliklar, interfaol bahslar) orqali yetkazish, ijtimoiy tarmoqdan foydalanish madaniyatini shakllantirish uchun maktab va oliygohlarda maxsus kurslar joriy etish kerakdir balki!?
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.