Zarnews.uz fotomuxbiri Baxtiyor Mustanov ushbu videoroligi bilan “Vatan yagonadir, Vatan bittadir!” tanlovida uchinchi o‘rinni egalladi

Samarqand shahri Ma’naviyat va ma’rifat kengashi Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan "Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!" g‘oyasi ostida milliy va vatanparvarlik qadriyatlarini asrab-avaylash, targ‘ib qilishga qaratilgan “Vatan yagonadir, Vatan bittadir!” nomli eng yaxshi milliy kontent va ijtimoiy videoroliklar tanlovini e’lon qilgan edi.
Bugun shahar hokimligida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Samarqand davlat pedagogika instituti talabasi Dilrabo Baxtiyorova tanlovda birinchi o‘rinni egallagan.
Samarqand shahridagi 80-maktab o‘qituvchisi Dilafro‘z Aralova va uning o‘quvchilari xamda Samarqand telekanali xodimlari Salohiddin Umarov va Fayoza Narzullayevalar ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Uchinchi o‘rin esa nurobodlik Erkin Pardayev hamda Zarnews.uz fotomuxbiri Baxtiyor Mustanovga nasib etdi.
Ularga diplom va pul mukofotlari uchun vaucher berildi.
Shuningdek, tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.
P/S: B.Mustanov tayyorlagan videorolikda opa-singil rolini Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Dilshoda Yusupova hamda Samarqand shahridagi 82-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Madina Narzullayeva ijro etgan.