9 oyda samarqandlik 4,2 mingdan ortiq ishchi-xodimlar turli sanatoriylarda dam olib, sog‘ligini tikladi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi viloyat kengashida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kengash raisi S.Rafiqov Federatsiya bosh kengashi tomonidan kasaba uyushmalari tashkilotlari oldiga qo‘yilgan topshiriqlarning bajarilishi, shuningdek, aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamda ishchi-xodimlarni turizmga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat kengashi hamda Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi o‘rtasida 2023-2025 yillar uchun tuzilgan mintaqaviy jamoa kelishuvga asosan, xodimlar va ish beruvchilarning huquqlari va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashda hamkorlik qilish, aholi hayot darajasini oshirib borish, jamiyatda ijtimoiy totuvlik va barqarorlikni saqlash uchun samarali hamkorlikni kuchaytirish maqsadida ijtimoiy sheriklik tamoyili amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, tadbirda Federatsiya Bosh kengashi tomonidan kasaba uyushmalari faoliyatini takomillashtirish, ularning mehnat jamoalari, mahalla va qishloqlar aholisi orasiga kirib borishida yangicha shakl va tamoyillar bilan harakat qilishlari uchun 20 dan ziyod vazifalar haqida so‘z bordi. Jumladan, kasaba uyushmalar a’zolari sonini oshirish, tarmoq va hududiy kelishuvlari, jamoa shartnomalarini bajarilishini doimiy nazorat qilish, korxona-tashkilotlarda mehnat muhofazasiga oid talablarga rioya qilish, ishchi-xodimlarni huquqiy himoyasini ta’minlash, gender-auditni yo‘lga qo‘yish kabi qator vazifa va topshiriqlarning bajarilishi nazorat ostiga olinadi. 

      

Kasaba uyushmalari tizimida turizmni rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” dasturi doirasida jamoa shartnomalari va tarmoq kelishuvlariga kiritish orqali joriy yilning o‘tgan davrida 9500 nafar, shundan 6283 nafari o‘z hududlaridagi diqqatga sazovor qadamjolarga, 3217 nafarini tarixiy shaharlarga, xodimlar hamda ularning oila a’zolarining sayohatlari tashkil etildi. Jumladan, Xorazmga 3 kunlik safarga 1150 nafar, Toshkent shahriga  350 nafar ishchi-xodim va ularning oila a’zolari 2 kunlik bepul sayohatga borib kelishdi.

- Joriy yilda 6 mingdan ortiq mehnatkashlarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 4236 nafar xodim turli sanatoriylarda dam olib, o‘z sog‘ligini tiklab qaytdi, -deydi Suhrob Rafiqov. - Shuningdek, ularning ming nafardan ziyod oila a’zolarining ham dam olishi ta’minlandi. 164 nafar mehnat va urush faxriylari, baynalminalchi jangchi, Chernobilchi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishlovchi vakillari, 153 nafar o‘qituvchi va murabbiylar bepul sog‘lomlashtirildi.

Viloyatimizning olis qishloqlarida faoliyat yuritayotgan 900 nafar xotin-qiz uchun Samarqand shahri bo‘ylab ziyorat hamda “Muqaddas ayol” nomli madaniy tadbir tashkil etildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.