Odamlar Ombudsmanga murojaat qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili D.Husanov Samarqand shahridagi “So‘g‘diyona” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Unda dastlab fuqarolar o‘zlarini huquqiy masalalarda qiynab kelayotgan muammolari bilan murojaat qildi. Bu masalalar ombudsman va fuqarolarning o‘zlarini ishtirokida o‘rganilib, tegishli tartibda huquqiy tushunchalar berildi.

So‘ngra elektr ta’minotidagi uzilishlar, nimstansiyalarni yangilash, gaz quvurlarini tozalash, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar, shirkat tomonidan ko‘p qavatli uylarda bo‘lgan ta’mirlashdagi kamchiliklar, moddiy yordam ajratish, nogironlik aravachasi berish hamda tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazilishida yordam berilishi bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganildi va ijrosi nazoratga olindi.

Sayyor qabul davomida Zuhra Qirg‘izboyeva aholi uchun madaniy xordiq chiqarish uchun e’tibor berilishini so‘rab murojaat qildi. Ushbu murojaat viloyat hokimligi va viloyat madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda hal etiladigan bo‘ldi va shu kunning o‘zida avtobus tashkil etilib, shu mahallada yashayotgan 52 nafar keksalar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar Samarqand viloyat davlat musiqali drama teatriga olib borildi. Ular bu yerda “Bahodir Yalangto‘sh” spektaklini tomosha qildi.

Qolgan murojaatlar ham tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganish uchun nazoratga olindi.