Ikki yillik tahsildan so‘ng texnikum bitiruvchilari OTMga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin
Ma’lumki, so‘nggi ikki yilda iqtisodiyotdagi yuksalish odimlari, investitsion loyihalar ko‘lami, texnologik jihatdan yangi ish o‘rinlarining yaratilishi kasb-hunar ta’limi sohasini tubdan isloh qilish zaruratini tug‘dirdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan yangi professional ta’lim tizimining strategiyasi, asosiy ustuvor vazifalari belgilab berildi.
Tizimning yangi strategiyasi mohiyati shuki, professional ta’lim muassasalarida tahsil oladigan har bir yosh, har bir shaxs hayotda o‘z o‘rnini topishi, avvalo, o‘zi daromad qilishi, shu orqali mamlakatning yalpi ichki mahsulotiga ulush qo‘sha bilishi, iqtisodiy yuksalishga xizmat qilishi, o‘z mehnati bilan hayoti farovonligini ta’minlab, pirovard natijada jamiyat rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishi lozim.
Shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2019 yil 6 sentyabrdagi PF-5812-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekistonda shaklan va mazmunan mutlaqo yangi, uzluksiz professional ta’lim tizimi barpo etilishi, maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, 3 ta toifadagi ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatishi belgilandi.
Shunday qilib, 2020-2021 o‘quv yilida professional ta’lim tizimida Respublika bo‘yicha jami 726 ta ta’lim muassasalari, ya’ni, 339 ta kasb-hunar maktablari, 211 ta kollejlar va 176 ta texnikumlar faoliyat ko‘rsatadi.
Ushbu 3 toifadagi professional ta’lim muassasalarida xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan ta’lim dasturlari asosida oilaviy biznes, tomorqa biznesi, qurilish, xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi iqtisodiyotimizda muhim o‘rin egallagan 200 dan ortiq ishchi kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
1-toifa – KASB-HUNAR MAKTABLARIDA ta’limning xalqaro standart tasniflagichining 3-darajasiga mos keluvchi ikki yillik ta’lim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilari boshlang‘ich professional ta’lim oladi.
Kambag‘allikka qarshi kurash doirasida eng avvalo, kam ta’minlangan oilalar farzandlarida tadbirkorlikka, biznesga, pirovard natijada daromad olishga yo‘naltiruvchi bilim, malaka va ko‘nikmalar shakllantiriladi.
2-toifa – KOLLEJLARDA ta’limning xalqaro standart tasniflagichining 4-darajasiga mos keluvchi, kasblarning murakkablik darajasidan kelib chiqib, ikki yilgacha bo‘lgan muddatlar o‘qitishga mo‘ljallangan ta’lim dasturlari asosida aniq ish o‘rinlariga yo‘naltirilgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlanadi.
Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tasarrufida faoliyat ko‘rsatadigan va shu sohadagi investitsiya loyihalari hisobiga tashkil etilayotgan aniq ish o‘rni uchun mutaxassislar tayyorlaydigan ushbu kollejlarga maktablarning 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinadi.
Kollejlarda Germaniya tajribasida yaxshi samara bergan «dual» ta’lim prinsiplari joriy etiladi: o‘quvchilar haftaning 3 kunida kollejda nazariy bilim oladi, uch kunida korxonaning o‘zida biriktirilgan usta, master rahbarligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelajakda ishlaydigan ish o‘rnida amaliyot o‘taydi.
3-toifa – TEXNIKUMLARDA ta’limning xalqaro standart tasniflagichining 5-darajasiga mos keluvchi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bilan integratsiyalashgan, kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida kamida ikki yil muddatga mo‘ljallangan ta’lim dasturlari asosida 11-sinfni tugatgan yoshlar o‘qitiladi.
Ikki yillik tahsildan so‘ng bitiruvchilar suhbat asosida oliy ta’lim muassasasiga o‘qigan kasbi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi mumkin.
Bu tizim oliy ma’lumot olish niyatida bo‘lgan ko‘p sonli maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazish uchun xizmat qiladi.
Professional ta’limning yangi, uzluksiz formati malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash barobarida jamiyatimiz uchun eng muhim hisoblangan inson resurslarini rivojlantirish uchun ham xizmat qiladi.
Shu ma’noda O‘zbekistonda yangi professional ta’lim tizimi mamlakat iqtisodiyotining har bir sohasiga, jamiyatning har bir bo‘g‘iniga, har bir oila, har bir fuqaro hayotiga daxldor yirik ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy voqeadir.
Professional ta’lim tizimi o‘qitish shakli, prinsiplariga ko‘ra, dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlarning muvaffaqiyat qozongan ta’lim dasturlari asosida tashkil etilmoqda.
Professional ta’limda xalqaro tajriba asosida ta’lim sifatini ta’minlash, yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini, shaxsiy kompetensiyalarni shakllantirish, amaliyotga alohida urg‘u berish, daromad olishga yo‘naltirish – ustuvor o‘rin tutadi.
Buning uchun yangi standartlar, yangi o‘qitish metodologiyasi, yangi darslik va adabiyotlar, zamonaviy innovatsion ta’lim texnologiyalari va baholash tizimi joriy etiladi.
Hujjatlar onlayn tarzda qabul qilinadi
Davlat komissiyasi majlisining 2020 yildagi 1-son bayoniga muvofiq 2020 yil 5 iyuldan 20 iyulga qadar kasb-hunar maktablariga kasb-hunar egallash istagida bo‘lgan 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlari onlayn qabul qilinadi.
2020/2021 o‘quv yili uchun kasb-hunar maktablariga 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlarini qabul qilish jarayonlari onlayn tarzda kasb.edu.uz elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
O‘quvchilar ushbu platforma orqali 200 dan ortiq kasblarni tanlash imkoniyatiga ega.
Qanday hujjatlar kerak bo‘ladi?
9-sinf bitiruvchilari quyidagi hujjatlarni topshiradilar:
1. Elektron ariza
2. Umumta’lim maktabining 9-sinfni tugatganligini tasdiqlovchi shahodatnoma (elektron) nusxasi.
3. 3x4 hajmidagi fotosurat.
Qaysi sohalarda mutaxassislar tayyorlanadi?
Bugungi kunda O‘zbekistogn iqtisodiyoti eng muhim barcha sohalarda o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlanadi. Jumladan:
1. Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik (yangi texnologiyalar asosida);
2. Issiqxona (gidroponika) va parnik xo‘jaligi;
3. Ishlab chiqarish;
4. Qurilish;
5. Turizm va xizmat ko‘rsatish.
Kasb-hunar maktablarida 2 yil davomida umumta’lim va mutaxassislik fanlari integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi. O‘quvchida o‘zi tanlagan kasb bo‘yicha zarur bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalar shakllantiriladi.
P.S: Fuqarolar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida professional ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari bo‘yicha tashkil etilgan “Call markaz”ga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishlari mumkin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati.