Xalqaro maydonlarda natija ko‘rsatgan sportchilar rag‘batlantirildi
Viloyat hokimi Adiz Boboyev xalqaro sport maydonlarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘targan yuz nafarga yaqin iqtidorli sportchini taqdirladi.
Tadbir mamlakatimizda yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini yuzaga chiqarish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy samarasidir.
Taqdirlash marosimida 2025 yilda o‘tkazilgan III MDH davlatlari o‘yinlari, III yoshlar Osiyo o‘yinlari, VI Islom birdamligi o‘yinlari hamda Toshkentda tashkil etilgan «Prezident olimpiadasi»da g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlarning mehnati alohida e’tirof etildi. 2028 yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan hamda xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantirilib, ularga pul mukofotlari topshirildi.
Sportchilarimiz dzyudo, boks, badiiy gimnastika, yengil atletika, shaxmat, velosport va parasport turlari bo‘yicha jahon hamda Osiyo chempionatlarida shohsupaga ko‘tarilishdi. Ular qo‘lga kiritgan oltin, kumush va bronza medallari viloyatimiz sportining yuqori salohiyatidan dalolat beradi.
Viloyat rahbari sportchilarni tabriklar ekan, ushbu g‘alabalar boshqa tengdoshlari uchun munosib o‘rnak ekanini ta’kidladi.
Tadbir so‘ngida yoshlar kelajakda yanada yuksak marralarni zabt etishga va’da berishdi.