Samarqandda yana bitta xususiy maktab ochildi

Samarqand shahrida “Oxford international school” va “Fast Education” nodavlat ta’lim muassasasi o‘zining 9-11-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan yangi ilm maskanini tashkil etdi.

Muassasaning tantanali ochilish marosimida ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov, “Oksford” xalqaro maktabi asoschisi Botir Jo‘rayev va boshqalar so‘zga chiqib, yangi maktab imkoniyatlari, umuman, yosh avlodga ta’lim berishda nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish va ular faoliyatini rivojlantirish borasidagi bugungi ishlar xususida so‘z yuritdi.

Tadbir ishtirokchilari mazkur maktabda yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar bilan tanishdi.

Mazkur maktab hozirda 200 nafar o‘quvchi qabul qilish imkoniga ega. Muassasa eng zamonaviy o‘quv qurollari va jihozlari, multimedia vositalari bilan ta’minlangan. Darslar oliy toifali o‘qituvchilar tomonidan o‘tiladi.  Shuningdek, muassasaga chet ellik o‘qituvchilar jalb etilgan.

–  Muassasamizda mamlakatimiz ta’lim tizimi hamda IELTS, SAT va IT kabi fanlar bo‘yicha intensiv kurslarni o‘zida mujassam etgan holda 9, 10 va 11-sinf o‘quvchilari uchun yuqori ta’lim standartlari joriy etilgan, – deydi maktab rahbari Botir Jo‘rayev. - Darslar ikki smenaga mo‘ljallangan bo‘lib, unda birinchi smenada ingliz tilini darajalar bo‘yicha o‘rganish, xalqaro standartlar bo‘yicha mustahkamlangan matematika, mantiqiy fikrlash, shuningdek, axborot texnologiyalari bo‘yicha darslar o‘tkaziladi. O‘quvchilar Adobe Photoshop, Adobe Illustrator kabi dasturlar bo‘yicha grafik dizayn darslari, veb-dizayn va veb-dasturlash, marketing ko‘nikmalari bo‘yicha bilim oladi.

"Fast Education" o‘quv muassasida ingliz tilidan tashqari, koreys, yapon, rus tillari o‘rgatiladi. Shuningdek, bu yerda bog‘cha yoshidagi bolalarni intellektual va ijtimoiy rivojlanishiga e’tibor qaratilgan. Ijtimoiy daftarlarda turadigan oilalar farzandlari uchun imtiyozlar bor.

“Oksford” xalqaro maktabiga o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinib, ular ingliz tili, matematika va mantiqiy fikrlashda bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.