Bulung‘urda yangi o‘quv yilidan xususiy maktab ishga tushadi

Bulung‘ur tumanida tashkil qilinayotgan “Real school” xususiy maktabi yangi o‘quv yilidan 1-4-sinf o‘quvchilarini qabul qiladi. Maktab “SMARD WORDS” MChJ tomonidan qisqa davrda qurilib, ta’mirlandi.

- Nodavlat ta’lim muassasasini ta’mirlash uchun qariyb 1 milliardga yaqin mablag‘ yo‘naltirilmoqda, - deydi “SMARD WORDS” MChJ muassisi Nigora O‘rolova. - Mavjud barcha sinf xonalari zamonaviy mebel jihozlari, texnik vositalar bilan ta’minlanmoqda.

O‘quvchilarga sport va fan to‘garaklari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Shuningdek, bolalar uchun 15x5 hajmli suzish havzasi qurilib, foydalanishga tayyor holatga keltirildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, maktab ma’muriyati ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘qituvchilar tanlov asosida ishga qabul qilinib, ular moddiy hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi.

Yana bir muhim jihat, har bir sinfga 20 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. Bu o‘quvchilarning har bir mavzuni mukammal o‘zlashtirishiga zamin bo‘ladi.

Maktab hududida kutubxona tashkil qilingan bo‘lib, ayni kunlarda kutubxona o‘zbek va jahon adabiyoti durdona asarlaridan iborat badiiy asarlar, ertak va hikoyalar bilan boyitilmoqda.

Xususiy maktab ota-onalar to‘lovi hamda muassis mablag‘lari asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Xurshida ERNAZAROVA.