Samarqandlik maktab o‘quvchilari ta’lim granti asosida xorijiy OTMlarga o‘qishga qabul qilindi

Biz avvalroq bu haqda qisqacha xabar bergan edik. Shundan so‘ng ularning ayrimlari bilan suhbatlashib, bu imkoniyatga qanday erishganliklari haqida so‘radik.

Oybek Jo‘raboyev - Samarqand shahridagi 37-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi. U muddatidan oldin 7 ta xalqaro universitetga talabalar safiga qabul qilindi va umumiy hisobda 762.000 AQSh dollari qiymatidagi ta’lim grantini qo‘lga kiritdi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining Stetson universiteti Oybekka 220 000 AQSh dollari miqdorida 100 foizlik grant taqdim etgan bo‘lsa, Wabash College O.Jo‘raboyevning 160 000 AQSh dollari, Washington College - 140 000 AQSh dollari,  Butler universiteti - 88 000 AQSh dollari, Lynn universiteti - 84 000 AQSh dollari, Temple universiteti - 70 000 AQSh dollari miqdoridagi grantlarni yutganligini ma’lum qildi.

Indiana universiteti esa Oybekni o‘z talabalari safidan o‘rin olishidan mamnunligini bildirgan.

Oybek bilan suhbatlashganimizda, u yoshligidan kompyuter texnologiyalariga qiziqishini bildirdi. U kelajakda chet elda sohani puxta egallab, O‘zbekistonda kiber xavfsizlik va sun’iy intellektni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchi.

Samarqand shahridagi 37-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sabina Bahrombekova ham muddatidan oldin 8 ta xalqaro universitetning talabalari safiga qabul qilindi. Sabinaga Amerika Qo‘shma Shtatlarining Clarkson universiteti - 164 000 AQSh dollari, Illinois Wesleyan universiteti - 144 000 AQSh dollari, Washington College - 140 000 AQSh dollari, Adelphi universiteti - 100 000 AQSh dollari, Arizona universiteti 88 000 AQSh dollari, Drexe universiteti - 70 800 AQSh dollari, Temple universiteti - 70 000 AQSh dollari miqdordagi ta’lim grantlarini taqdim etdi. Shuningdek, Mississippi College ham Sabinaga talabalar safiga qabul qilinganligi haqida xabar yuborgan.

- Bu imkoniyatlarga ega bo‘lishimda ustozlarimning hissasi katta, - deydi Sabina. - Ular meni bilim olishimni doim talab qilar, erinmasdan ilm sirlarini o‘rgatishar edi. Men ularning mehnatlarini ro‘yobga chiqarib, kelajakda yetuk psixolog bo‘lishni orzu qilaman. Bu yo‘lda xorij oliygohlarida ham tinmay ilm egallayman.

Bugungi kunga qadar viloyatimizda Oybek va Sabina singari o‘ndan ortiq bitiruvchilar xorijiy oliy ta’lim muassasalariga ta’lim grantlari asosida o‘qishga qabul qilindi.

Baxtigul Qarshiyeva.