Past Darg‘omda giyohvandlik o‘simligini yetishtirgan ayol sud oldida javob beradi

2020 yilning 6 iyul kuni IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Qoradori-2020» tadbiri davomida Past Darg‘om tumani «Katta naymancha» mahallasida yashovchi 50 yoshli B.P.ning (ayol) yashash hovlisi ko‘zdan kechirilganda, hovlisida 250 metr kvadrat maydonda 29 tup «kannabis» giyohvandlik o‘simliklarini ekib, parvarishlab kelayotganligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, aniqlangan giyohvandlik o‘simliklarining vazni 24.402 grammni tashkil qilib, ular «marixuana» giyohvandlik vositasi turiga kirishi ko‘rsatilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan giyohvandlik o‘simliklari miqdoridan kelib chiqqan holda B.P.ga JKning 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga suiqasd qilish) bilan qo‘shimcha ayb e’lon qilinib, «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishliligi bo‘yicha sudlovga yuborilgan.