E’tiqod va insoniylik tushunchalari qalb tug‘yoni va vijdon azobi bilan badiiy tadqiq etilgan kitoblar haqida so‘z
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida shoir va tarjimon Toshpo‘lat O‘rxun (Toshpo‘lat Tugalov)ning «Surur» hamda «Umr karvoni» nomli she’riy va «Tong yulduzi bolalari» nomli tarjima kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Taqdimotda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi a’zolari, yosh ijodkorlar, she’riyat ixlosmandlari, ijodkorning yaqinlari, do‘stlari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova Toshpo‘lat O‘rxunning kitoblari haqida o‘z mulohazalarini bildirdi.
- Har kim ham shoir bo‘lavermaydi, har kim ham she’r yozolmaydi. Chunki she’r - qalb tug‘yoni, u qalbdan tug‘ilib, qalbga boradi, - dedi Xosiyat Bobomurodova. - Toshpo‘lat Tugalovning she’rlari qalbdan chiqib, qog‘ozlarga tizilgan. Uning har bir she’ri falsafiy mushohada bilan yo‘g‘rilgan. Ushbu kitoblarida e’tiqod, burch, insoniylik tushunchalari qalb tug‘yoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy tadqiq etilgan.
Samarqand davlat universiteti professori Shavkat Hasanov, filologiya fanlari nomzodi Tolib Jo‘rayevlar ijodkorning yangi kitoblaridan o‘rin olgan ijod namunalarining badiiy qiymati, janr xususiyatlari haqida fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
So‘zga chiqqanlar shoirning «Surur», «Umr karvoni» she’rlar to‘plamidan o‘rin olgan she’rlarda Vatan madhi, mehr-oqibat, bugungi tahlikali davrdagi millat ma’anaviyatini yuksaltirish, vatanparvarlik masalalari o‘zgacha talqinda, yangicha yondashuv bilan betakror topilmalarda kuylanganini qayd etdi. «Tong yulduzi bolalari» nomli bolalar uchun tarjima kitobidan o‘rin olgan Shimoliy Amerika, Yangi Zelandiya, Oltoy xalqlariga oid rivoyat va ertaklar yosh avlodni ma’nan barkamol voyaga yetishiga, ularda kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir davomida ijodkorlar, shoirning do‘stlari taqdim etilayotgan yangi kitoblar, Toshpo‘lat O‘rxunning ijodi haqida fikrlarini bildirdi.