Muqaddas kitob loyihalari taqdimoti
Samarqandda o‘tkazilayotgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” VIII xalqaro kongressi bugun O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hamda Islom sivilizatsiyasi markazining muhim loyihalari taqdimoti, shuningdek, madaniy merosni saqlashda kino va medianing o‘rni muhokama etilayotgan TURKSOY xalqaro forumi doirasida “Kino – meros saqlovchi sifatida: madaniy loyihalar va tashabbuslar taqdimoti” bilan o‘z ishini davom ettirmoqda.
Jumladan, “O‘zbekiston qur’onlari” loyihasi taqdimotida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov hamda Mueller&Schindler nashriyoti marketing va rivojlanish bo‘yicha vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm “114 Qur’on” loyihasi haqida so‘z yuritdi.
Qayd etilishicha, mazkur loyihada VII-VIII asrlardan boshlab XIX- XIX asrlargacha Hindistondan Turkiyagacha bo‘lgan Osiyo mamlakatlarida, Afrika davlatlarida ko‘chirilgan va dunyoning turli mintaqalarida, mashhur muzey va kolleksiyalarda saqlanayotgan 114 ta noyob Qur’on nusxalaridan namunalar olinib, to‘plangan.
Ushbu sessiyada, shuningdek, “O‘zbekiston bilan bog‘liq noyob Qur’on qo‘lyozmalari”, “O‘zbekxonning muqaddas Qur’oni. Qur’onning yangi o‘zbekcha tarjimasi” haqida so‘z yuritildi. “Allohning 99 ismi” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi.