"Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi"ning ilk inglizcha nashri taqdimoti o‘tkazildi
Samarqand xalqaro texnologiya universitetida 18 oktyabr - Samarqand shahri kuniga bag‘ishlangan "Samarqand: madaniyatlararo muloqot makonida shahar qiyofasi" kitobining ilk inglizcha nashri taqdimoti o‘tkazildi.
"Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi"ning to‘laqonli birinchi nashri 2014 yilda Samarada, qayta ishlangan va to‘ldirilgan ikkinchi nashri esa Samarqand xalqaro texnologiya universiteti homiyligida o‘tgan yili Toshkentda chop etilgandi.
BMT tomonidan «Tinchlikni kafolatlashga yo‘naltirilgan xalqaro muloqot yili», deb e’lon qilingan 2023 yilda chop etilgan mazkur ilmiy-axborot nashri ko‘plab yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan, undagi alohida boblar kengaytirilgan va to‘ldirilgan.
"Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi" samarqandlik Anatoliy Ionesov tomonidan tayyorlangan ijodiy loyiha mahsuli hisoblanadi.
Kitobni ingliz tiliga tarjima qilishda Samarqand xalqaro texnologiya universitetining bir guruh professorlari - Annamariye Basson, Joseph Stark, Shahnoza Mustanova, Komila Abdullayeva, Zuhra Rustamovalar jalb etildi.
Taqdimot tadbirini universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev ochib berdi.
- Mazkur kitob taqdimoti bizning qadimiy shahrimiz ramzini aks ettirgan holda turli madaniyatlarning o‘zaro ta’siri va bag‘rikenglik bayramiga aylandi, - dedi Yu.Abdullayev. - Kitobda hozirgi davrda Samarqandni madaniy tomonlama qayta talqin etish bo‘yicha turli-tuman materiallar ma’lum bir tizimga solingan tarzda taqdim etilgan. Ushbu nashr samarqandlik mashhur kishilarning ismi-shariflari, ko‘chalar, mehmonxonalar, oshxona va tamaddixonalar, turli do‘konlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, badiiy asarlar, aholi turar joylari nomlarida va boshqalarda muhrlanib qolgan xorijiy Samarqandiyonaning ob’yektlari to‘g‘risida yetarlicha to‘liq ma’lumotlarni o‘zida jamlagan.
Kitobxonlar e’tiboriga havola qilinayotgan ushbu kitob tilga oid, ijtimoiy-iqtisodiy, badiiy an’analarda o‘zining zamonaviy ohangiga ega bo‘lgan jahonga mashhur shahar brendining qiyosiy-madaniy tasvirlariga bag‘ishlangan nashrlar ichida birinchisidir.
Taqdimotda yig‘ilgan mehmonlar va universitetning xorijiy professor-o‘qituvchilari kitob mualliflariga o‘z munosabatlarini bildirdi. Shundan so‘ng aka-uka Ionesovlar kelgusida mazkur ensiklopediyani boshqa tillarga ham tarjima qilib, chop ettirish maqsadga muvofiq ekanligini alohida ta’kidladilar.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti axborot xizmati.